Huawei 1
Prezident qahramon sportchilarimizning qahramon ota-onalari, oila aʼzolarini olqishlab, ularga eng ezgu tilaklari va hurmatini bildirdi

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. 

“Chindan ham, bu hayotda ko‘p narsani hal qiladigan omil – bu yuksak iroda va matonatdir. Lekin odamning qalbiga mana shunday iroda va matonatni singdirish, uni tarbiyalab, kamolga yetkazish – bu albatta oson ish emas.

Ochiq aytish kerakki, bunday jasorat hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. O‘z oldingizga qo‘ygan maqsadga erishish yo‘lida sizlarning boshqalarga qaraganda o‘n marta, balki yuz marta ko‘proq mehnat qilishingizga, mashaqqat chekishingizga to‘g‘ri kelganini ham men yaxshi anglayman.

Mana shunday murakkab damlarda sizlarning yuragingizga umid va ishonch, qatʼiyat va jasorat tuyg‘usini bag‘ishlagan, sizlar bilan yonma-yon turib, sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlab, zafarli marralar sari ruhlantirgan fidoyi insonlar bor.

Bular – avvalo sizlarning mehribon ota-onalaringiz, yaqinlaringiz, jigarlaringizdir. Sizlar erishgan g‘alabalarda ularning ham albatta munosib hissalari bor”, - dedi Prezident.

Davlat rahbari qahramon sportchilarimizning qahramon ota-onalari, oila aʼzolarini ham olqishlab, ularga eng ezgu tilaklari va hurmatini bildirdi.

Tadbirda mohir va jonkuyar murabbiylarga, barcha mutasaddi va mutaxassislarga ham minnatdorlik bildirdi.

Ayniqsa, para yengil atletika bo‘yicha tajribali trenerlar – Ibrohimjon Yusupov, Yahyobek Yaqubov, Sardor Xudayberganov, Grigoriy Kamulya, Azizjon Normatov, Rahmonberdi Xo‘jamov, Galina Kazakovaga, para dzyudo bo‘yicha mohir murabbiylar – Mahmud Omonov, Muratboy Dusumbetov, Alfiya Ibragimova, Fozil Karamatov va para taekvondo bo‘yicha taniqli murabbiy Bobur Qo‘ziyevga, pauerlifting bo‘yicha tajribali ustozlar – Fazliddin Umirzoqov, para suzish bo‘yicha Ravshanbek Amilov va o‘q otish bo‘yicha Natalya Yefimovaga, shuningdek, psixolog mutaxassis Lola Agzamovaga alohida tashakkur izhor etildi.

“Bugun bir haqiqatni to‘la ishonch bilan ayta olamiz: Yangi O‘zbekistonning o‘z matonat maktabi, shon-sharaf maktabi bor. Bu maktabning chinakam bunyodkorlari sizlar, desak, buyam ayni haqiqat bo‘ladi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91808 | Инструменты