Huawei 2
Quvaytdan Fargʻonaga toʻgʻridan toʻgʻri aviareyslar yo'lga qoʻyilishi mumkin

Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Quvaytdagi tashrifi davomida “Kuwait Airways” aviakompaniyasi bosh ofisida bo‘lib, Quvaytning ushbu milliy aviakompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Abdulmohsen Salem Alfagaan va boshqaruv kengashi aʼzolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda “Kuwait Airways” tomonidan Quvaytdan Farg‘onaga to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirgan viloyat hokimi, bu yil Quvayt bilan qator sohalarda yangi aloqalar yo‘lga qo‘yilayotganini qayd etib, ushbu aviakompaniya bilan ham hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Farg‘ona viloyatining iqtisodiy-investitsion salohiyati, turli sohalardagi yutuqlari bo‘yicha atroflicha maʼlumot taqdim etildi. Farg‘ona xalqaro aeroporti parvozlar ko‘lami bo‘yicha respublikada o‘z o‘rniga egaligi, viloyatimiz xorijlik va mahalliy turistlarni jalb etish bo‘yicha, turistik infratuzilma imkoniyatlari bo‘yicha eng old hududlardan biri ekani qayd etildi.

Bugun O‘zbekistonda aholining aviaqatnovlarga bo‘lgan talabi ortib borayotgani bois, xorijiy aviakompaniyalar bilan ham birgalikda ishlash yo‘lga qo‘yilayotganligi taʼkidlandi. Farg‘onadan Quvaytga parvoz vaqti atigi 3-3,5 soatni tashkil qilishini hisobga olganda, Quvayt xalqaro aeroporti O‘zbekiston fuqarolari uchun qulay tranzit nuqtasiga aylanishi mumkinligiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Quvayt aholisi uchun O‘zbekistonda joriy etilgan 10 kunlik vizasiz rejimdan kelib chiqqan holda Farg‘onaga kelish istagini bildirayotgan quvaytliklar ham yetarli ekani urg‘ulandi.

“Kuwait Airways” aviakompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Abdulmohsen Salem Alfagaan Farg‘onaga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasiga katta qiziqish bildirishayotganini qayd etib, bu borada rejali ish tashkil etilishini bildirdi.

“Kuwait Airways” rahbari, O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasida aviaqatnovlar bo‘yicha mavjud ikki tomonlama shartnoma bandlarini bugungi kundagi mavjud talab va hamkorlik darajasidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqilishi ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini aytib o‘tdi.

Muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi, logistika nuqtai nazaridan ham juda muhimligini taʼkidlab o‘tgan viloyat hokimi, Farg‘onada ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlarni Quvaytga va bu yerdan boshqa davlatlarga yetkazib berishda tijoriy qatnovlarning ham tashkil etilishi samarali bo‘lishini qayd etdi.

Uchrashuvda bildirilgan takliflar asosida Qo‘shma ishchi guruh tuzilib, amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga va hamkorlikda ish tashkil qilishga kelishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga