Saida Mirziyoyeva Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi. Bu haqda u o'z Telegram sahifasida ma'lum qildi.
"Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga samimiy qabul va ochiq hamda ishonchli ruhda o‘tgan mazmunli uchrashuv uchun minnatdorlik izhor etaman.
Uchrashuvda xalqlarimizni o‘zaro ishonch va hurmat asosida taraqqiyot va farovonlikka intilish birlashtirayotgani alohida ta’kidlandi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston bilan eng yaqin qo‘shni va strategik hamkor sifatida munosabatlarni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratadi.
Chegara masalalari bo‘yicha muvaffaqiyatli kelishuvlar, milliy ID hujjatlarini o‘zaro tan olish, qo‘shma korxonalar hamda Qambarota GES-1 va Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li kabi yirik umumiy loyihalar buning yaqqol tasdig‘idir.
Uchrashuvda mamlakatlarimizda o‘tkazilayotgan «Zakovat» intellektual o‘yini musobaqalari ham e’tirof etildi. Bu loyiha yoshlarimiz o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan juda samarali tashabbus sifatida qayd etildi.
O‘zbekiston va Qirg‘izistonni asrlar davomida shakllangan qardoshlik va qo‘shnichilik rishtalari birlashtirib turadi. Biz ularni qadrlaymiz va kelgusida yanada mustahkamlaymiz", deya yozgan u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82020 | Инструменты