Huawei 1
Samarqand aeroporti IHT aviatsiya habiga aylanishi mumkin

Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar mintaqaviy transport va kommunikatsiyalarni takomillashtirishning strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi Tehron deklaratsiyasini qabul qildi, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati IHT transport vazirlari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha.

«Deklaratsiyaga Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish hamda Samarqand aeroportini IHT aviatsiya habi sifatida qabul qilish kabi O‘zbekiston tomonidan berilgan takliflar kiritildi», — deyiladi xabarda.

Muloqot chog‘ida multimodal transport yo‘laklarini takomillashtirish, transport sohasida raqamlashtirishni rag‘batlantirish, transchegaraviy savdo va tranzitni soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov avvalroq 2023 yil kuzida bo‘lib o‘tgan IHT 16-sammitida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan takliflarni eslatib o‘tdi. Gap, xususan, tashkilotga aʼzo davlatlarning transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha zamonaviy tizimlarni joriy etish maqsadida Toshkent shahrida tashkilotning Transport va bojxona raqamli ofisini tashkil etish haqida ketgan edi.

Prezident sammitda boshqa aʼzolarni «O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — Turkiya» transport koridorini rivojlantirish, o‘zaro tarif va to‘lovlarni optimallashtirish to‘g‘risidagi hujjatga qo‘shilishga chaqirgandi.

Bu tashabbusni amalga oshirish uchun Ilhom Mahkamov raqamlashtirish mexanizmlarini, jumladan, mamlakatlar o‘rtasida yuk va bojxona hujjatlarini o‘zaro tan olish mexanizmlarini tayyorlaydigan ishchi guruh tuzishni taklif qildi.

Qayd etilishicha, vazirlar IHTga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga intilishlarini yana bir bor tasdiqlagan. Infratuzilmani yaxshilash, transport siyosatini uyg‘unlashtirish va xususiy sektorning mintaqaviy transport loyihalarida ishtirokini kuchaytirish uchun sarmoya kiritish zarurligi taʼkidlangan.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida tranzit hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi. Hujjat O‘zbekiston xususiy sektorining Erondagi eng yirik dengiz logistika habi — Shahid Rajai portini rivojlantirish, maxsus terminal va logistika markazini qurishda ishtirok etishi uchun shart-sharoit yaratishni nazarda tutadi.

Hujjatlarni imzolash marosimi Eron transport va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq, O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov, Eron portlar va dengizchilik tashkiloti (PMO) rahbari Said Rasuliy ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60720 | Инструменты