Huawei 1
Senat raisi: mahalliy kengashlarning byudjetni shakllantirish va nazoratidagi faolligi keskin oshadi

Senat yalpi majlisida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqish jarayoni qizg‘in muhokamalar bilan o‘tdi.

Senat Raisi T.Norboyeva Prezidentimiz aholi tomonidan 22 mingdan ortiq muammoli masalalar ko‘tarilgani haqida to‘xtalgani, bu muammolar byudjetni shakllantirishda eʼtiborga olinganmi, degan savol bilan murojaat qildi.

Bu savolga javoban Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Prezidentimiz tomonidan tuman, shahar mahalliy byudjetlarining daromadlarini mustahkamlash, soliqlarni to‘liq ularga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berganini qayd etdi.

– Shu bilan birga, bizga ham qo‘shimcha topshiriqlar bo‘ldi, – dedi J.Qo‘chqorov. – Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun stavkalarni belgilash viloyat kengashlariga o‘tayapti, mol-mulk, yer soliqlari bo‘yicha pasaytiriluvchi, oshiriluvchi koeffitsiyentlar vakolatlari ularga berilgan. Joylardan juda ko‘p savollar keladi. Lekin ularni Toshkentda yig‘ib, hal qilishning imkoni yo‘q. Shuning uchun iltimos qilgan bo‘lardikki, joylardagi mahalliy kengashlar ularga berilayotgan vakolatlardan haqiqatda foydalanishsa yaxshi bo‘lar edi. Misol keltiraman, yakka tartibdagi tadbirkorlik bo‘yicha bozorda savdo qilish – oziq-ovqat sotish stavkalari qanday? Masalan, ko‘z oldimizga Farg‘ona viloyatini keltiraylik, Farg‘ona shahrida yakka tartibdagi tadbirkor oziq-ovqat mahsulotlarini sotadigan bo‘lsa, oyiga 600 ming so‘m atrofida soliq to‘laydi. Yonidagi Marg‘ilon shahri Farg‘ona shahri bozoridan qolishmaydi. Lekin, Marg‘ilon shahri qolgan shahar, tumanlardagi kabi miqdorda to‘laydi. Misol uchun, Marg‘ilon shahri bilan Tomdidagi yakka tartibdagi tadbirkor bir xil soliq to‘laydi. Shuning uchun aytyapmizki, markazlashgan tartibda bunday masalalarni hal qilish doim kamchiliklarga olib keladi. Shu sababli, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan diapazon qo‘ydik, yaʼni eng past summa va eng yuqori summa. Viloyat deputatlari joylardagi vaziyatni bizdan ko‘ra yaxshiroq bilishi aniq-ku. Shuning uchun Marg‘ilonga qanday, Dang‘araga qanday yoki Buvaydaga qanday soliq stavkalari qo‘yish kerakligini o‘zlari belgilasin.

T.Norboyeva: Demak, mahalliy kengashlarning byudjetni shakllantirishda va nazoratidagi faolligini keskin oshirish zarur. Yana qanday yordam kerak, xalq vakillari tomonidan?

J.Qo‘chqorov: Mahalliy kengashlari shu ishda faol ishtirok etib, byudjet daromadini o‘zlari o‘ylab, o‘zlari hal qilishi zarur. Mol-mulk, yer soliqlarining kamaytiriluvchi, oshiriluvchi koeffitsiyentlari bor. Masalan, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida deputatlar kengashi kamaytiriluvchi yoki oshiriluvchi koeffitsiyent qo‘yish huquqiga ega. Shu huquqdan respublika bo‘yicha nechta kengash foydalandi, degan savolga javoban bu juda kam, deb ayta olamiz. Nima uchun? Birinchidan, oshirib qo‘ysa, mahalliy byudjetga pul tushadi. Arzimagan pullarni kimdandir so‘ragandan ko‘ra, joyida shu ishni hal qilsa bo‘ladi-ku? Misol uchun, hammani yig‘ib, tushuntirishning imkoni bor-ku. “20 foizga oshirilgan soliqni belgilaylik. Nazoratga olaylik. Shu pulni falon ko‘chaga, falon mahallaga yo‘naltiraylik”, deb shu ishlarni amalga oshirish kerak. Prezidentimiz ham ko‘pincha joylardagi kengashlarning faoliyatini jonlantirish zarurligiga eʼtibor qaratmoqda. Shu yo‘nalishda bizga yordam bo‘lsa, yaxshi bo‘lar edi.

T.Norboyeva: Aylanmadan olinadigan soliq yuridik shaxslarning mol-mulk, yer soliqlari to‘liq miqdorida va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foizi tegishli tuman, shaharlar mahalliy byudjetlariga qoldirilishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, kelgusi yilda respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga transfertlar uchun 18,4 trillion so‘m rejalashtirilyapti. Prezidentimiz yaqinda mana shu zalda o‘tkazgan majlisda qonunlar ijrosini taʼminlashda mahalliy hokimlik kengashining imkoniyat resurslari qay darajada ekanligini inobatga olish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi. Shundan kelib chiqsak, kelgusi yil byudjet parametrlari shakllantirishda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, imkoniyatlari eʼtiborga olinganmi?

J.Qo‘chqorov: To‘g‘ri, mol-mulk, yer solig‘i to‘liq mahalliy byudjetga va jismoniy shaxslarning daromad solig‘i 50 foizi tuman, shahar mahalliy byudjetlariga qoldiriladigan bo‘ldi.

Birinchidan, bu hamma uchun bir xil shart. Biz xarajat yo‘nalishlarni ham, yaʼni tuman, shaharlar uchun bir xil qilib belgilab qo‘ymoqdamiz. Yaʼni tumanda hamma uchun bir xil andozadagi shart-sharoitlar yaratilyapti. Buning ustiga belgilangan xarajat yo‘nalishlari uchun qaysi bir tumanda mablag‘ yetmayotgan bo‘lsa, albatta, hududga markaziy byudjetdan yordam ko‘rsatiladi.

Respublikadan yordam oladigan 71 tuman qoldi. Shuning uchun bu tabiiy jarayon. Biz hududlarni bosqichma-bosqich rivojlantirish choralarini ko‘rib borib, hammasini o‘zini o‘zi qoplaydigan tizimga keltirmoqchimiz.

O‘zini qoplash, birinchidan, fundamental nuqtai nazardan mahalliy hokimlik nimalar uchun javobgar va uning masʼuliyati nimadan iborat degan savoldan kelib chiqib amalga oshiriladi. Shuning uchun ham standart xarajatlar belgilanayapti. Hamma uchun bir xil daromadlar belgilanayapti. Albatta, Yunusobod tumani bilan Bulung‘ur tumani daromadlari haqida gapirish qiyin. Lekin xarajatlar yo‘nalishlari bir xil. Shuning uchun kimdir baribir, albatta, oldinroqda yuradi, kimdir tezroq rivojlanadi. Lekin bazaviy nuqtai nazardan muammolar, tafovutlar transfertlar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

T.Norboyeva: Davlat rahbari boshchiligida har bir tuman, kerak bo‘lsa, mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bor. Hammasi sekin-sekin, bosqichma-bosqich nomarkazlashtirishga yo‘naltirilgan. Bora-bora aytilgan son ham qisqarib borish kerak. Mahalliy kengash deputatlari, kengash raislari, doimiy komissiyalar joylarda iqtisodiyot, moliya tizimi bilan birgalikda dasturlarning bajarilishini taʼminlash, mablag‘larni samarali nazorat qilishda ishtirok etadi. Nafaqat nazorat, balki ko‘maklashish masalasida birgalikda ishlashimiz kerak.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121820 | Инструменты