Senatning ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama etildi.
Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashini taʼminlash maqsadida taʼlim sohasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda har bir mahalla, har bir qishloq, hatto chekka-chekka hududlarda ham ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish borasida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda hududlardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni, mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni hal etish hamda davlat ahamiyatiga molik tadbirlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilingan.
Bundan tashqari, mamlakatimizning soliq, bojxona va byudjet qonunchiligini Jahon savdo tashkilotining talablari bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan qator choralar ko‘rilyapti.
Qonunda tadbirkorlik va kichik biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklarining ustav kapitalini oshirish uchun 2,5 trln so‘m, mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga 1,3 trln so‘m, taʼlim kreditiga bo‘lgan talabning yuqoriligi hamda o‘tgan yilda yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasiga 840,5 mlrd so‘m qo‘shimcha ravishda ajratish belgilangan.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va davlat ahamiyatidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasiga 524,8 mlrd so‘m, Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 200 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Qonunda bir-birini takrorlovchi shtatlar birliklari qisqartirilgani hisobiga byudjet mablag‘lari tejalayotgani hamda obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga rejalashtirilgan mablag‘lar hamda joriy yil byudjet xarajatlarini o‘zlashtirish imkoniyatlaridan kelib chiqib, ayrim xarajatlar maqbullashtirilmoqda.
Qonunda respublika byudjeti xarajatlari qariyb 10 trln so‘mga oshirilmoqda.
Senatorlar 2024-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga kiritilayotgan barcha o‘zgartirishlar respublika byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli, samarali hamda natijaga yo‘naltirilgan holda sarflanishiga, dolzarb muammolarning yechimini topishga va ularni mablag‘ bilan taʼminlashga qaratilganligining muhimligini taʼkidlab, ushbu Qonunni maʼqulladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121819 | Инструменты