Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy bog'ida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy bog'ida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdi.

Bu boradagi reja 2017 yil 3 fevral kuni mazkur boqqa tashrif chog'ida begilangan edi. O'sha yili 18 aprelda davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilinib, xiyobonning me'moriy-g'oyaviy loyihasi ishlab chiqildi.

O'tgan vaqt mobaynida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, 8 gektardan ziyod maydonda Adiblar xiyobonining yaxlit me'moriy ansambli yaratildi.

Ilgari bu yerda sanoqli adiblarimizning haykallari bor edi. Go'yoki, Alisher Navoiydan so'ng iste'dodli shoirlar yetishib chiqmaganday taassurot paydo bo'lardi.

Shu bois Adiblar xiyobonini g'oyaviy-badiiy jihatdan yanada boyitish maqsadida Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Avloniy, Cho'lpon, Qodiriy, To'lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg singari atoqli namoyandalar xotirasiga bag'ishlangan yangi yodgorlik majmualari ham yaratildi.

Hazrat Navoiy bobomizning muhtasham haykali atrofida 20 dan ziyod atoqli shoir va adiblarning haykallari yaxlit me'moriy va badiiy kompozitsiyada, mantiqiy yechim asosida joylashtirildi. Shu yerda Yozuvchilar uyushmasi uchun bino barpo etilgani ham hamohanglik kasb etdi.

Davlatimiz rahbari bu yerga tashrif buyurib, Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo'ydi. Xiyobonda amalga oshirilgan ishlar va yaratilgan sharoitlarni ko'zdan kechirdi.

Yozuvchi va shoirlar, ziyolilar bilan uchrashuvda milliy adabiyotimizni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor, galdagi muhim vazifalar haqida so'z bordi.

– Adabiyot xalqning yuragi, elning ma'naviyatini ko'rsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo'l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta'sirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlar merosini o'rganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtimizda ijodkorlarning asarlari doimiy ravishda chop etilyapti. Endi ularni dunyoga olib chiqish kerakligi ta'kidlandi.

Masalan, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon singari ijodkorlarning asarlari xorijiy tillarda nashr etilmoqda. Lekin bu ishlar tarjimonlarning o'z tashabbusi va qiziqishi bilan bo'lyapti.

Bu borada Yozuvchilar uyushmasi tashabbuskor bo'lishi, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti bilan birgalikda o'zbek adabiyotining eng sara namunalarini turli tillarga tarjima qilib, nashr etishi zarurligi qayd etildi.  

Adiblar xiyobonini adabiyot, ma'rifat va madaniyat maskaniga aylantirish, har bir adib haykalini muayyan oliy o'quv yurtiga biriktirib, bu yerda ochiq darslar, ma'rifiy tadbirlar o'tkazish bo'yicha tavsiyalar berildi. Xiyobon bilangina cheklanib qolmasdan, adiblar ijodini chuqur o'rganish, ularning ibratli umr yo'llari haqida kitoblar va filmlar yaratish, yangi asarlar yozish muhimligi ta'kidlandi.

- Mana, “zamonamiz qahramonlari”, deb ko'p gapiramiz. Bugun bu qahramonlar koronavirusga qarshi kurashayotgan fidoyi shifokorlarimiz, mard harbiylarimiz, saxovatli tadbirkorlarimiz, vatanparvar yoshlarimiz. Ularning jasorati haqida o'qishni hammamiz xohlaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi yoshlar internetdan, elektron adabiyotlardan ko'proq foydalanishi, lekin milliy adabiyotimiz xazinasini internetda targ'ib etish yaxshi yo'lga qo'yilmagani ko'rsatib o'tildi.

Shu bois Prezidentimiz “Adiblar xiyoboni” deb nomlangan internet portali tashkil etish taklifini bildirdi.

Unda mumtoz va zamonaviy asarlarning elektron nusxalari, yozuvchi va adabiyotshunoslarning mahorat saboqlari jamlanadi. Portal o'zbek, ingliz va rus tillarida faoliyat ko'rsatsa, undan xorijlik muxlis va mutaxassislar ham foydalanishi imkoniyati yaratiladi.

Shu yerda oliy ta'lim muassasalarining adiblar ijodini o'rganish bo'yicha taqdimotlari o'tkazildi. Davlatimiz rahbari xiyobon yonida tashkil etilgan kutubxonani ham ko'zdan kechirdi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112405 | Инструменты