Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni AQSH senatori Stiven Deyns hamda Vakillar palatasi qo‘mitasi raisi, kongressmen Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiyalarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuqori darajaga erishilgani, faol muloqotlar va o‘zaro tashriflar davom etayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yilning sentyabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti hamda samarali ishbilarmonlik uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshib bormoqda, 2023-yil yakunida u 30 foizga oshdi. O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan AQSH kompaniyalari soni ortmoqda. Misol tariqasida mamlakatimizda qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan Air Products kompaniyasining faoliyati qayd etildi.
Amerikalik qonun chiqaruvchilar vakillik qilayotgan Montana, Alabama, Vashington, Kaliforniya va Texas shtatlari bilan faol amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼlim, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, tog‘-kon sanoati, “yashil” energetika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmog‘i va boshqa sohalar kooperatsiya uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110505 | Инструменты