Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Vladimir Voronkov bilan uchrashdi

15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O'zbekistonda bo‘lib turgan BMT Bosh kotibining o‘rinbosari – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Vladimir Voronkov davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekistonning BMT institutlari va tuzilmalari bilan, eng avvalo, terrorizm va boshqa transmilliy xatar va tahdidlarga qarshi kurash sohasidagi amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Vladimir Voronkov Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish tashabbusi amalga oshirilgani uchun O‘zbekiston tomoniga alohida minnatdorlik bildirdi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu noyob mexanizmning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli yakunlangani ta’kidlandi.

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekistonning mojarolar hududlaridan fuqarolarni qaytarish, ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish, jumladan, bunda mahalla institutining keng imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

O‘zbekiston va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini nazarda tutuvchi 2024–2025-yillarga mo‘ljallangan yangilangan "yo‘l xaritasi" imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yoshlarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalarining buzg‘unchi ta’siridan himoya qilish, kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish va BMT institutlarida yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Afg‘oniston masalasi yuzasidan fikr almashildi. Bu mamlakatdagi vaziyatga xalqaro e’tiborni kuchaytirish, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122300 | Инструменты