Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev: "Toshkent-Siti” markazi yurtimizda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlanganini ko'rsatadi"

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o'ttiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda “Toshkent-Siti” ishbilarmonlik markazi yurtimizda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlanganini ko'rsatishini ta'kidlab o'tdi.

"Ma'lumki, O'zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaqqol namoyon etadigan yangi bino va imoratlar bugun barcha shahar va viloyatlarimizda ko'plab qad ko'tarmoqda.

Albatta, ularning orasida “Toshkent-Siti” ishbilarmonlik markazi alohida ajralib turadi.

Guvoh bo'lib turganingizdek, “Toshkent-Siti” markazi o'zining me'moriy qiyofasida shaharsozlik san'atining eng so'nggi yutuqlarini, arxitektura, muhandislik va dizaynerlik borasidagi noyob va ulkan salohiyatni yaqqol mujassam etadi.

Maydoni 80 gektardan iborat ushbu markazni qurishdan asosiy maqsad – zamonaviy, “aqlli shahar” barpo etish, xalqaro, xorijiy va mahalliy bank-moliya tuzilmalari va investorlar uchun jonajon Vatanimiz, birinchi navbatda, go'zal poytaxtimiz jozibadorligini oshirishdan iborat.

Biz O'zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko'tarish maqsadida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasini izchil amalga oshirayotganimizdan xalqimiz va xalqaro hamjamiyat yaxshi xabardor, albatta. “Toshkent-Siti” markazini barpo etish g'oyasi ham, aynan o'sha strategiya bilan bir paytda tug'ilgan edi.

O'zbekiston tajribasida birinchi bo'lgan shunday katta miqyosdagi va noyob loyihani amalga oshirish uchun ko'p narsani yangitdan o'rganishimiz, tinimsiz izlanishga to'g'ri keldi.

Qurilish maydoni 1 million 600 ming kvadrat metrga teng bo'lgan yangi markazning 30 foizini uy-joylar, 30 foizini ofislar uchun binolar, yana 30 foizini savdo majmualari, 10 foizini mehmonxonalar fondi tashkil etadi.

Barchangiz ko'rib turibsiz, bugun bu hududda ulkan bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda. Nasib etsa, 2021 yilda qurilish ishlari to'liq yakunlanib, ushbu markaz xalqimizga va poytaxtimiz mehmonlariga xizmat qilishni boshlaydi.

Qisqacha aytganda, “Toshkent-Siti” markazi O'zbekistonda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlangani, bu sohada biz ko'p narsaga qodir ekanimizni ko'rsatadi, desak, ayni haqiqat bo'ladi.

Hozirgi vaqtda O'zbekiston o'zining ochiq va konstruktiv siyosati bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib bormoqda. Jahondagi nufuzli xalqaro tashkilot va tuzilmalar, moliyaviy institutlar, ishbilarmon doiralar tomonidan O'zbekistonda qator tadbirlar, anjuman va uchrashuvlar o'tkazilmoqda. Tabiiyki, kelgusida bu jarayonlar yanada kuchayadi, O'zbekiston yana ko'plab yirik xalqaro sammitlar, forum va simpoziumlarga mezbonlik qiladi.

Shu ma'noda, ushbu muhtasham majmua nafaqat davlatimiz, balki xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan yangi g'oya va tashabbuslar tug'iladigan, muhim tarixiy hujjatlar qabul qilinadigan maskanga aylanadi, deb ishonamiz", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112320 | Инструменты