Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 601-son qaroriga muvofiq, isitish mavsumida tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hamda gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan hududlardagi xonadonlar uchun elektr energiyasining oylik bazaviy me’yori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshiriladi. 1-noyabrdan amal qilayotgan ushbu tartib fuqarolardan qo‘shimcha ariza talab etmagan holda avtomatik ravishda qo‘llaniladi.
Yangi tartibga ko‘ra, belgilangan ro‘yxatga kiritilgan xonadonlar isitish mavsumida oyiga 350 kVt·soatgacha elektr energiyasidan 1 kVt·soat uchun 650 so‘mlik bazaviy tarif asosida foydalanadi. Ayni paytda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan shakllantirilgan hududlar ro‘yxati mahalliy hokimliklar tomonidan o‘rganilib, tasdiqlanmoqda. Tasdiqlangan ro‘yxatlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga taqdim etilib, billing tizimiga kiritilmoqda va ushbu jarayonni 25-noyabrga qadar to‘liq yakunlash belgilangan.
Ta’kidlanishicha, 350 kVt·soatlik bazaviy me’yordan foydalanish uchun aholidan hech qanday ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi, fuqarolarning elektr yoki gaz ta’minoti idoralariga borishi shart emas. Yangi me’yor tasdiqlangan ro‘yxat asosida xonadonlarga avtomatik tarzda tatbiq etiladi. Tartib 1-noyabrdan kuchga kirgani bois ro‘yxatdagi xonadonlarning noyabr oyida iste’mol qilgan elektr energiyasi uchun yakuniy to‘lovlari to‘liq yangi me’yor asosida hisob-kitob qilinadi.
Masalan, xonadon noyabr oyida 300 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilsa, avvalgi 200 kVt·soatlik me’yor bo‘yicha to‘lov 220 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lar edi. Yangi me’yor asosida esa 195 ming so‘m hisoblanadi va xonadon 25 ming so‘m kam to‘laydi. Ro‘yxatlarni shakllantirish, ma’lumotlarni billing tizimiga kiritish hamda to‘lovlarni hisoblash bilan bog‘liq barcha ishlar Energetika vazirligi, “Hududgazta’minot” va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda mahalliy hokimliklar tomonidan iste’molchilarni ortiqcha ovoragarchilikka solmagan holda amalga oshiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112121 | Инструменты