Buning oqibatida O‘zbekistonning ham katta hududi suv toshqinlari ostida qolishi mumkinligi haqida havotirli xabarlar tarqaldi. Bu qanchalik asosli?
Joriy yil 23-fevral kuni Toshkent vaqti bilan 05:37 da Тojikistonda 5,8 balli zilzila sodir bo'lgani haqida xabar bergan edik. Ushbu zilzila O'zbekistondagi qator viloyatlarga ham o'z ta'sirini o'tkazdi. Respublikaning 11 ga yaqin hududida 3-4 balli zilzila kuchi bilindi. Tojikisondagi ushbu zilzilalar epitsentri tog‘li hududlarda va Murg‘ob viloyati markazi bilan Sarez ko‘li oralig‘idagi odam yashamaydigan hududga ko'proq o'z ta'sirini o'tkazdi.
Ma'lumki, Tojikiston hududida 1911-yildagi zilzila oqibatida paydo bo'lgan Sarez ko'li mavjud. O'rta Osiyodagi eng katta ko'lning zilzilaga qanchalik bardoshli ekanligi ko'pchilikni qiziqtiradi. Qattiqroq zilzila yuz berib, Sarez ko'lining suvi chiqib ketadigan bo'lsa, "tog'lar tepasidan dahshatli tezlikda pastga oqib tushib, o'z yo'lidagi Tojikiston, Turmaniston va O'zbekistondagi bir nechta viloyatlarni bosib ketishi mumkin" degan qarashlar mavjud.
Tojikistonda qayd etilgan zilzilaning ko'lga ta'siri haqida O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Seysmologiya instituti direktori o'rinbosari Vohidjon Ismoilov batafsil javob berdi.
"Zilzila magnitudasi 6,8 bo'lishiga qaramasdan, uning chuqurligi 20 kmni tashkil qiladi. Sarez ko'lidan uning uzoqligi 66 kmni tashkil qildi. Ma'lumki, qonuniyat bo'yicha, qanchalik zilzilani o'chog'i chuqurroq tushsa, uning tepadagi talofati shunchalik kamroq bo'ladi. Kechagi kunda bo'lgan zilzila 6,8 magnitudali va boshqa zilzilalar juda ko'p sodir bo'lgan. Bu ko'l bunaqa zilzilalarga mustahkam, bardosh bera oladigan ko'llardan bittasi hisoblanadi", - deya ta'kidladi mutaxassis.
Tojikiston Favqulotda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot markazi rahbari Umeda Yusufiy ham Sarez ko'lining zilziladan keyingi holati bo'yicha ma'lumot berdi.
"Sarez ko‘lida kuzatuv va erta ogohlantirish tizimi normal ishlamoqda. O‘zgaruvchanlik va o‘zgarishlar qayd etilmagan. Ko‘lga suv kelishi va uning oqimi o‘zgarishsiz qoldi. Ya’ni, bugungi kunda suv oqimi sekundiga 39 kubometrni tashkil etmoqda”, — dedi matbuot markazi rahbari.
O'zbekistonda vaziyat qanday?
Shuningdek, bugun tabiiy ofatlar ko'p uchrayotgan tahlikali vaqtda O'zbekistondagi seysmik holatni o'rganish bo'yicha ham hozirda ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.
"Afg'oniston, Tojikiston hamda Tog'li Badaxshon tog'li viloyatlarida sodir bo'lib turgan zilzila har doim bo'ladigan hodisa hisoblanadi. O'zbekiston Favqulotda vaziyatlar vazirligida Seysmik pragmatik monitoring Respublika markazi tashkil qilingan. Shu markazni o'zida butun O'zbekiston bo'yicha seysmologik, geomagnit stansiyalari joylashgan. Ushbu stansiyalar bergan axboroti bo'yicha har kuni doimiy tahliliy ishlar olib borilmoqda. Hozirgi bergan ma'lumotlar asosida O'zbekistonda kuchli zilzilalar bo'lish ehtimoli hozir kam", - deya javob berdi Fanlar Akademiyasi Seysmologiya instituti direktori o'rinbosari Vohidjon Ismoilov.
Ma'lumot o'rnida, Tojikistonda 2022-yilning 8-fevralidan 2023-yilning 8-fevraliga qadar respublika hududida 2165 ta zilzila bo‘lib, ulardan 9 tasi 5+ magnitudali zilzila bo‘lgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qozogʻiston yiliga zilzilalar soni boʻyicha birinchi oʻrinda turadi: shu davr mobaynida u yerda 5134 ta zilzila sodir boʻlgan (shundan 3 tasi 5+ magnitudali), ikkinchi oʻrinda O‘zbekiston – 2320 (shundan 6 tasi 5+ magnitudali). Shuningdek, Qirgʻizistonda 1881 ta (shundan 3 tasi 5+ ball) va Turkmanistonda 368 ta (shundan 1 tasi 5+ ball) zilzila sodir boʻlgan. Bir yil davomida butun dunyoda umumiy 64 mingdan ortiq zilzilalar qayd etilgan.
Sarez ko'lining paydo bo'lish tarixi
1911-yil qishda G'arbiy Pomir tog'larida kuchli zilzila sodir bo'ldi. Tabiiy ofat Usoy qishlog‘ini yer bilan yakson qildi. O'shanda qishloqning faqat ikki fuqarosi omon qolgan. Keyinroq ular chang bir necha kun havoda muallaq turganini va qishloq o‘rnida ulkan tog‘ paydo bo‘lganini aytishgan. Vayron bo'lgan qishloq xotirasiga tabiiy to'g'on Usoy to'sig'i deb nomlangan. Uning balandligi 567 m, uzunligi 5 km.
Yangi tog' Murg'ob daryosi vodiysini to'sib qo'ydi, so'ng "kosa" hosil bo'lib, asta-sekin suv bilan to'la boshladi. Olti oydan so‘ng suv Sarez qishlog‘ini bosib ketdi. Shundan so'ng ushbu ko'lga Sarez nomi berildi. Hozir suv omborining chuqurligi 500 m. Uzunligi muzliklar bilan toʻlishi va yogʻingarchilik miqdoriga qarab 65 dan 75 km gacha. Har yili suv sathi ko'tariladi.
Ko'lning asosiy xavfi nimada?
1967-yilda ushbu ko'lning o'ng qirg'og'ida geologlar uzunligi 2 km gacha bo'lgan yoriqlarni payqashdi. Ularning o'rganishlari toshlar qulashi mumkinligini ko'rsatdi. Ko‘chki sezilarli miqdorda suvni siqib chiqaradi, bu esa tabiiy to‘g‘ondan oshib, daryo bo‘ylab oqib tushishi mumkinligini ko'rsatdi.
Maʼlumki, Usoy toʻgʻoni Murgʻob vodiysidagi birinchi toʻgʻon emas. Geologlarning fikricha, bu yerda avval ham qulash va to‘g‘onlar sodir bo‘lgan, bu esa ko‘llarning paydo bo‘lishiga olib kelgan. Geologlar kamida to‘qqizta shunday suv omborining izlarini topgan. Taxminlarga ko'ra, ular zilzila natijasida yoki to'g'onlarni buzgan kuchli yog'ingarchilik tufayli g'oyib bo'lgan.
Moskva davlat universiteti mexanika instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, agar to‘g‘on buzilsa, 3 km dan ortiq balandlikdan Murg‘ob, Pyanj va Amudaryo vodiylari bo‘ylab kuchli sel oqimi vujudga keladi. Tog'larda to'lqinning balandligi 150 m ga yetadi, tekisliklarda u 15 m gacha tushadi, ammo 25 km gacha yoyiladi. Oqim tezligi soatiga 100 km ni tashkil qiladi. Tabiiy ofat zonasiga nafaqat Tojikiston, balki O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston ham tushishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62309 | Инструменты