22 iyun kuni AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset va Birlashgan Shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn Pentagonda AQShning Eronga bergan zarbalari bo‘yicha brifing o‘tkazdi.
New York Times nashrining yozishicha, Hegset nutqini prezident Trampni maqtash bilan boshlagan va uning bu harbiy operatsiyasini «jasoratli va ajoyib» deb atadi.
«Tungi bolg‘a» operatsiyasi
Pit Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, AQShning Eronga bergan zarbalari «chalg‘itish usuli» (misdirection) bilan amalga oshirilgan. Bu ehtimol, Tramp harbiy aralashuvga ikki hafta ichida qaror qilishi mumkin, degan Oq uy bayonotiga ishora bo‘lishi mumkin.
Brifingda eng muhim masala — Fordoga qancha zarar yetkazilgani va prezident Tramp ishlatgan «yer bilan yakson qilindi» ifodasining haqiqatga qanchalik yaqin ekani bo‘ldi.
General Keyn Eronga qarshi operatsiyaning nomi «Midnight Hammer» — «Tungi bolg‘a» bo‘lgani va juda maxfiy o‘tkazilganini aytdi.
«Yuqori darajadagi maxfiy missiya bo‘lib, Vashingtonda uni faqat juda ozchilik bilgan», deya operatsiyani ta’rifladi general.
Keynning aytishicha, B-2 bombardimonchilari AQSh hududidan havoga ko‘tarilgan va 18 soatlik parvoz davomida nishonlarga yetib borgan. «Midnight Hammer» operatsiyasida jami 75 ta yuqori aniqlikdagi qurollar, shu jumladan, 14 ta GBU-57 turdagi Massive Ordnance Penetrator bombalari ishlatilgan. Fors ko‘rfazidagi AQSh Harbiy-dengiz floti suvosti kemasi ham operatsiya doirasida 24 ta Tomahawk raketasini uchirgan.
B-2 bombardimonchisi / Foto: US Centcom
Shuningdek, AQSh qiruvchi samolyotlari Eronning havo mudofaa tizimlariga ham hujum qilgan. General Keyn Tinch okeani ustidan uchgan ayrim B-2 samolyotlari chalg‘ituvchi harakat bo‘lganini tan oldi.
Brifing chog‘ida general Den Keyn Eron tomonidan B-2 bombardimonchilariga yoki ularni kuzatib yurgan qiruvchi samolyotlarga qarata birorta ham o‘q otilmagani, yer-havo raketalari ham uchirilmaganini qayd etdi.
Yakson qilingan emas, balki jiddiy zarar
General Keynning aytishicha, operatsiya oqibatlarini yakuniy baholash uchun vaqt kerak bo‘ladi. Biroq dastlabki natijalar uchala yadro obekti ham «jiddiy zarar va vayronagarchilik»ka uchraganini ko‘rsatmoqda. Trampdan farqli ravishda, u general «yakson qilindi» so‘zini ishlatmagan.
«Menimcha, dastlabki zarar tahlili (PDA) hali yakunlanmagan va ayni paytda u yerda nima bor yoki yo‘qligi haqida izoh berish uchun juda erta», - dedi general Keyn Pentagonda jurnalistlarga.
New York Times'ning yozishicha, ismi oshkor etilmagan yuqori martabali AQSh rasmiysi B-2 hujumi Fordodagi chuqur mustahkamlangan obektni butunlay yo‘q qilmagan, ammo unga jiddiy zarar yetkazganini tan oldi.
General Keynning so‘zlariga ko‘ra, bu AQSh tomonidan mustaqil tarzda amalga oshirilgan bombardimon bo‘lib, Isroilning avvalgi zarbalaridan strategik jihatdan foydalangan, biroq operatsiyada Isroil qiruvchi samolyotlari ishtirok etmagan.
«Cheksiz urush emas»
AQSh mudofaa vaziri Hegsetga ko‘ra, Tramp ma’muriyati «Urush vakolatlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, samolyotlar xavfsiz hududga chiqqach, Kongress a’zolarini zarba berilgani haqida zudlik bilan xabardor qilgan.
Eron bo‘yicha zarba uzoq davom etadigan urushga aylanib ketmasligi haqida bergan savolga javoban Pentagon rahbari «Bu mutlaqo cheksiz urush emas», deya javob berdi.
Al Jazeera nashriga ko‘ra, general Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy xizmatchilarini Eronning mumkin bo‘lgan javobidan himoya qilish uchun ko‘rilgan choralar haqida izoh berishdan bosh tortgan.
«Bizning qo‘shma harbiy kuchimiz Qo‘shma Shtatlar, harbiylarimiz va mintaqadagi manfaatlarimizni himoya qilishga doim tayyor», - dedi u.
AQSh Eron rejimni almashtirmoqchi emas
«Bu missiya — na ilgari, na hozir rejim o‘zgarishi bilan bog‘liq emas. Bu Eron yadroviy dasturi tomonidan AQSh milliy manfaatlariga tug‘dirilgan tahdidlarni zararsizlantirishga qaratilgan aniq mo‘ljallangan harbiy operatsiya», dedi Pentagon rahbari.
Ta’kidlash joizki, bir nechta xalqaro ekspertlar AQShning Eron yadroviy dasturi haqidagi tahdid da’volariga shubha bilan qarashmoqda. Eron esa doimiy ravishda yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlarga qaratilganini bildirib kelmoqda.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetning aytishicha, u hanuz Eron «AQSh talablari bajarilishi uchun qanday aniq qadamlar kerakligini yaxshi bilgan holda» muzokaralarga qaytishiga umid qilmoqda.
«Men faqat shuni tasdiqlay olamanki, hozirda Eronga turli kanallar orqali ochiq va yopiq xabarlar yetkazilmoqda, ularga muzokaralar stoliga qaytish uchun barcha imkoniyatlar berilmoqda», - dedi Hegset jurnalistlarga.
General Keyn esa Eronning yadro salohiyati bor-yo‘qligi yuzasidan: «Hozircha bu borada aniq bir narsa deyish uchun erta», - deb javob berdi.
Mudofaa vaziri Pit Hegset Eronning yadro quroli ishlab chiqarmoqchi bo‘lgani haqidagi maxfiy AQSh razvedka ma’lumotlari mavjudmi, degan savoldan qochdi.
Isroil Eronni zarbaga uchratganini aynan Tehron yadro qurolini «tezkor ishlab chiqishga harakat qilayotgani» bilan izohlagan edi. Ammo AQSh razvedkasi bunday xulosaga kelmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62302 | Инструменты