Huawei 1
Toshkent shahrida Yaponiya bilan hamkorlikda Nevrologiya va insult markazi tashkil etiladi

20-yanvar kuni O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov JICA Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi prezidenti doktor Akixiko Tanaka bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida xabar berildi

Uchrashuvda JICA'ning O‘zbekiston-Yaponiya strategik sherikligini jadal rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi va agentlikning O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish maqsadlariga sodiqligi yuqori baholandi.

JICA koʻmagida Oʻzbekistonda energetika, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va sogʻliqni saqlash kabi muhim iqtisodiyot tarmoqlarida umumiy qiymati 3,7 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilgan.

Agentlikning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli ish tajribasidan kelib chiqib, energetika, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, mamlakat hududlarida yangi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish yo‘nalishlaridagi loyihalarni moliyalashtirishning qo‘shimcha imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, 2022-yildan JICA O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini davlat kafolatisiz moliyalashtirishni nazarda tutuvchi Xususiy sektor investitsiyalarini moliyalashtirish (PSIF) dasturini amalga oshirib kelmoqda. Mazkur dastur doirasida yangi istiqbolli loyihalar portfelini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘tgan yili imzolangan umumiy qiymati 2,4 milliard dollarlik 20 ta loyihadan iborat dasturning amalga oshirish jarayoni alohida ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Yaponiya hukumati bilan “Ayirboshlash notalari”, Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi boʻyicha 150 million dollarlik kredit shartnomasi, JICA va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida chorvachilik, energetika, taʼlim va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlik protokolini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Ma'lumot o'rnida, kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Uchrashuvda xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish, yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish, Yaponiya universitetini ochish, shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12216 | Инструменты