Toshkent shahrining Furqat ko‘chasidan Shota Rustaveli ko‘chasigacha bo‘lgan 2 kilometrlik yo‘lda 9 ta svetoforning ish rejimi qayta sozlanib, ertalabki va kechki oqimning asosiy yo‘nalishlariga mos ravishda sinxronlashtirildi
Toshkent shahrining Furqat ko‘chasidan Shota Rustaveli ko‘chasigacha bo‘lgan 2 kilometrlik yo‘lda 9 ta svetoforning ish rejimi qayta sozlanib, ertalabki va kechki oqimning asosiy yo‘nalishlariga mos ravishda sinxronlashtirildi. Bu haqda shahar YHTEM rasmiy ma'lumot berdi.
“Yashil to‘lqin” tizimi transport oqimining o‘rtacha 45–55 km/soat tezlikda harakatlanishiga moslab sozlangan:
— ertalab — Furqat ko‘chasidan Shota Rustaveli ko‘chasi tomon;
— kechqurun — teskari yo‘nalishda, Shota Rustaveli ko‘chasidan Furqat ko‘chasi tomon.
Svetoforlar sinxronlashtirilgach, tig‘iz vaqtlarda ushbu yo‘l qismini bosib o‘tish vaqti 9 daqiqadan 7 daqiqagacha qisqardi.
Ya’ni haydovchilar mazkur 2 kilometrlik yo‘lni avvalgidan qariyb 2 daqiqa tezroq bosib o‘tmoqda, umumiy harakatlanish vaqti esa 22% ga — beshdan bir qismidan ko‘proqqa qisqardi.
Eng muhimi, bu natijaga harakat tezligini oshirish hisobiga emas, balki ketma-ket joylashgan chorrahalardagi svetoforlarni o‘zaro muvofiqlashtirish orqali erishildi. Svetoforlar shunday tartibda sozlangani, transport oqimi bir maromda harakatlanadi, ortiqcha to‘xtashlar, qayta-qayta tormozlanish va tezlanishlar kamayadi.
Taqqoslash uchun: yo‘llar nisbatan erkin bo‘lgan paytda ushbu 2 kilometrlik qism odatda 6–7 daqiqada bosib o‘tiladi. “Yashil to‘lqin” sozlangach esa hatto tig‘iz soatlarda ham bu ko‘rsatkich qariyb 7 daqiqani tashkil etmoqda. Ya’ni endilikda tig‘iz vaqtdagi harakatlanish vaqti yo‘l nisbatan bo‘sh bo‘lgan paytdagi ko‘rsatkichga deyarli tenglashdi.
Eslatib o'tamiz, bu tizim avvalroq Toshkentning Buyuk ipak yo‘li ko‘chasining “To‘ra Buva” masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida, Amir Temurxiyobonida, Shota Rustaveli ko‘chasida Grand Mir hoteligacha va Maxtumquli ko'chalarida ham yo'lga qo'yilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92416 | Инструменты