Tizimdagi kamchiliklar hisobga olinib, Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatilishi va masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to‘ldirilishi qayd etildi.
Endilikda Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi. Hokimlar har kuni ishini shu yerda aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi.
“Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan shu yerning o‘zida hal qiladi”, - dedi Prezident.
Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi. Masalalarni hal qilish uchun qo‘shimcha resurs ham beriladi.
Prezidentimiz qator sohalardagi muammolarni tahlil qilib, ularning yechimlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Yil boshidan 867 ta “og‘ir” toifadagi mahallaga suv chiqarish uchun 1,4 trillion so‘m berildi. Buning hisobiga 662 ming xonadondagi jami 80 ming gektar tomorqaga 25-30 yil ichida ilk bor suv yetib bordi.
Lekin serdaromad ekin ekib, 2-3 marta hosil olish o‘rgatilmayotgani qayd etildi.
“Tomorqaga suv yetkazish uchun sarflangan 1 so‘m hisobidan hech bo‘lmaganda 2-3 so‘mlik mahsulot yaratilsa, 662 ming oila mavsumda qo‘shimcha 5-6 million so‘m daromad ko‘radi-ku!” – dedi davlatimiz rahbari.
Misol uchun, Qoraqalpog‘istondagi 89 ta mahallaga 150 milliard so‘m berilgan. Mutasaddilarga bu mahallalarda tomorqadan 350-400 milliard so‘mlik qo‘shimcha mahsulot olish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82218 | Инструменты