“Eco Expo Central Asia 2025” doirasida “Yashil ko‘nikmalar va kelajak kasblari: barqaror rivojlanish uchun ta’lim” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) tomonidan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) Markaziy Osiyodagi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishlari va atrof-muhitning keskin yomonlashuvi sharoitida “yashil ko‘nikmalar”ga ega mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bu ko‘nikmalar — ekologik barqaror iqtisodiyotda samarali ishlash imkonini beruvchi malaka va bilimlardir. Shuning uchun ta’limning roli tobora muhim ahamiyat kasb etib, turli sohalarda — fan, texnologiya, ijtimoiy xizmatlar va tabiat resurslarini boshqarishda barqaror o‘zgarishlarga tayyor kadrlarni yetishtirishda hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi — ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar va ta’lim muassasalari vakillari o‘rtasida “yashil” o‘zgarishlar uchun qanday ta’lim zarur ekani bo‘yicha ochiq muloqotni shakllantirishdir. Muhokamalar davomida barqaror fikrlashni o‘quv dasturlariga kiritish, hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va amaliy o‘qitish orqali ekologik ongni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbirni “Green University” rektori ochib berdi. U o‘z nutqida ekologik yo‘naltirilgan ta’lim tizimi rivojlanishi nafaqat barqarorlikka xizmat qilishini, balki O‘zbekiston uchun “yashil” iqtisodiyot sohasida yetakchi kadrlar tayyorlaydigan mintaqaviy markazga aylanish imkoniyatini ham yaratishini ta’kidladi.
Tadbirda nutq so’zlagan IUCN’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Dmitriy Gorshkov tashkilotning yangi ofisi vazifalari va strategik yo‘nalishlarini taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ustuvor yo‘nalishlardan biri — universitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, iqlimga moslashish va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mahalliy ekspert salohiyatini oshirishdir.
Keyingi ma’ruzachi — professor Pauli Haataynen (Finlyandiyaning “Tampere” amaliy fanlar universiteti) ta’lim jarayonida o‘qituvchining roli haqida fikr bildirdi. U nafaqat o‘quv dasturlarini yangilash, balki talabalar ongida barqaror fikrlash, resurslarga nisbatan mas’uliyatli munosabat va global ekologik bog‘liqlikni tushunish ko‘nikmalarini shakllantiruvchi yangi pedagogik yondashuvlarni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot institutining laboratoriya mudirasi Muxira Qurbonboyeva chiqindilar harakatini raqamli kuzatish tizimi — “Smart Traceability” haqida taqdimot o‘tkazdi. Ushbu texnologiya chiqindilar bilan ishlashni yanada shaffof, samarali va barqaror qilish imkonini beradi.
Sessiyaning yakuniy qismida panel muhokamasi va savol-javoblar o‘tkazildi. Unda universitetlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasida tajriba almashish uchun yagona platforma yaratish zarurligi, shuningdek, ekologik ta’limda amaliy yondashuvlar muhimligi ta’kidlandi. Tadbir yakunida “Green University” tomonidan O‘zbekistonda “yashil” ko‘nikmalar va kasblar bo‘yicha Milliy yo‘l xaritasini ishlab chiqish tashabbusi e’lon qilindi. Bu hujjat barqaror ta’lim sohasidagi strategik yo‘nalishni belgilab beradi.
Mazkur tadbir “yashil” kasblar mavzusiga katta qiziqish borligini va kelajak mutaxassislarini tayyorlashda tizimli yondashuv zarurligini ko‘rsatdi. Ta’lim — iqlim barqarorligining ajralmas qismi bo‘lib, ertangi kunimizning ekologik holati bugungi kadrlarning bilim va ko‘nikmalariga bog‘liqdir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62216 | Инструменты