Huawei 1
Yil oxirigacha mehnat migratsiyasidan 250-300 ming nafar fuqaro qaytishi prognoz qilinmoqda

Prezident raisligida mahalliy sanoat tarmog‘idagi ichki imkoniyatlarni safarbar etish orqali aholini ishli va daromadli qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.

Davlat rahbari “Sayxunobod” tajribasi doirasidagi ishlar hamma hududlarda ham birdek tashkil qilinmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, 7 ta tuman o‘rganilganda, 17 ta mahallada ishlar sustligi aniqlandi.

Yoki, ishga tushgani aytilgan 1 mingdan ziyod xonadondagi mikro-loyihalar joyida o‘rganilganda, 76 tasi yoki 7 foizi o‘z tasdig‘ini topmadi.

Shu bois, sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar masʼullar ishdan olingan.

Prezident bandlik va aholi daromadi masalasi birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini yana bir bor taʼkidlab, bu borada oqsoqlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.

Yana bir muhim masala – tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaromiz qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi prognoz qilinmoqda.

Ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga ko‘maklashish muhimligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga migratsiya bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda mehnat qilayotgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga ko‘maklashish, qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Muhokama qilingan vazifalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlarining hisoboti tinglandi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122418 | Инструменты