1 iyuldan Qo'riqlash bosh boshqarmasi xodimlariga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi

“O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo'riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–4997-son, 20.02.2021 y.) qabul qilindi.

Unga ko'ra, Milliy gvardiya qo'riqlash xizmati O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo'riqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.

Qo'riqlash bosh boshqarmasi shartnoma asosida davlat obyektlari, o'ta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalarini qo'riqlaydi.

Qo'riqlash bosh boshqarmasining shahodatlangan tarkibi Milliy gvardiya xodimlari hisoblanadi, huquqiy maqomi bo'yicha ichki ishlar organlari xodimlariga tenglashtiriladi.

2021 yil 1 iyuldan Qo'riqlash bosh boshqarmasi xodimlariga har oyda ularning lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari lavozimlarini (bundan tor doiradagi mutaxassislikka ega bo'lgan nomzodlar mustasno) jamlash ustuvor tarzda Qo'riqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik bo'linmalarining tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega, tayyorgarlik mashg'ulotlari va tanlov bosqichlaridan o'tgan ishchi va xizmatchilari orasidan tanlab olish orqali amalga oshiriladi.

Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti, Ixtisoslashtirilgan o'quv markazi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Jizzax va Farg'ona mintaqaviy o'quv markazlari bazasida Qo'riqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik bo'linmalari ishchi va xizmatchilarini boshlang'ich tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkil etiladi.

Shuningdek, qaror bilan Milliy gvardiya Qo'riqlash bosh boshqarmasi to'g'risidagi nizom hamdan uning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41906 | Инструменты