Huawei 1
2024-yilda O'zbekistonda 147 tonna sifatli qon tayyorlandi

Donorlik — ezgu va savobli amal. Beg‘araz qon topshirish — odamiylikning oliy namunasi. Donorlar ana shunday insonlar bo‘lib, ular tufayli har kuni minglab bemorlar hayoti saqlab qolinadi.

Ayniqsa, murakkab transplantatsiya amaliyoti o‘tkaziladigan, onkologik, gematologik kasalliklarga chalingan va baxtsiz hodisa tufayli og‘ir tan jarohati olgan bemorlar uchun qon muhim vosita sanaladi.

Qayd etish kerak, bugun yurtimizda soha muassasalari faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Hozirgi paytda bu yo‘nalishda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda 13 ta qon quyish bo‘limlari samarali faoliyat yurityapti.

Maqsad — davolash muassasalarini kerakli qon preparatlari va komponentlari bilan taʼminlash, jamiyatda donorlik madaniyatini shakllantirishdan iborat.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, har bir davlat o‘z aholisining qon komponentlari va preparatlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun 1000 nafar kishiga qon topshirishlar soni 30 nafar va undan ortiq bo‘lishi, sifatli qon bilan taʼminlash uchun esa donorlar soni 1000 nafar kishiga 10 nafar yoki aholi soniga nisbatan 1 foizni tashkil etishi lozim. Bizda esa bu raqam 8 nafarga to‘g‘ri keladi. Agar ushbu ko‘rsatkich 10 nafarga ortsa, 100 foiz talab qondiriladi.

O'zbekistonda donorlik harakati ommalashishi natijasida mamlakatda 2022 yil 122 tonna, 2023 yil 134 tonna, o‘tgan 2024 yilda esa 147 tonna sifatli qon tayyorlandi.

Mamlakatimizda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglabin miqdori erkaklarda 128, ayollarda esa 120 bo‘lgan har bir shaxs donor bo‘lishi mumkin. Yiliga esa har bir shaxs 4 marta qon topshirish imkoniga ega. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitrdan iborat.

Aytish lozimki, mamlakatimizda beg‘araz qon topshiruvchi shaxslar bir qancha huquq, imtiyoz va kafolatlarga ega bo‘lib, bu borada qonunchilik yana-da takomillashtirilmoqda.

Xususan, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan O‘zbekistonda donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish, shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishi va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish huquqini berish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi berilyapti.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yurtdoshlarimizni beg‘araz donor bo‘lishga hamda yordamga muhtoj bemorlarga ko‘mak berishga chaqiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11800 | Инструменты