AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden mamlakatda TikTokʼni blokirovga qilishga oid choralarni joriy etmaydi. Bu haqda Associated Press nashri amerikalik amaldorga tayanib xabar berdi.
Bayden administratsiyasi ijtimoiy tarmoqni blokirovga qilish qarorini Trampning bo‘lajak administratsiyasiga qoldiradi.
AQSh Kongressi milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otishi mumkinligi sabab TikTokʼni bloklashga oid qonun loyihasini 2024 yil aprelda qabul qilgandi. O‘sha oyning o‘zida Jo Bayden qonunni imzolagan. Servisga egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasiga uni amerikaliklarga sotishi uchun 270 kun muhlat berilgan. Ushbu muddat 19 yanvarda — Donald Trampning inauguratsiyasidan bir kun oldin tugaydi.
Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols 16 yanvar kuni TikTokʼni bloklash to‘g‘risidagi qonun bitim amalga oshmagunga qadar servis faoliyatini uzaytirish «imkonini berishini» ma’lum qildi.
Senatdagi demokratlar 16 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqni sotish uchun belgilangan muddatni uzaytirishga oid qonunni qabul qilishga urindi, ammo u respublikachi senator Tom Katton tomonidan bloklandi.
The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, TikTok egasi ByteDance 2024 yilning to‘rtinchi choragida o‘zini taxminan 300 milliard AQSh dollariga baholagan. Shu tariqa u dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniyalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq yirik loyihalar va xayriya tadbirlari bilan tanilgan amerikalik mashhur bloger MrBeast TikTok’ni sotib olishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi. Shu tariqa bloger TikTok’ni AQShda bloklanishdan “qutqarmoqchi”. “Mayli, TikTok’ni bloklamasliklari uchun uni sotib olaman”, — deya hazil aralash tvit yozgan MrBeast X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11801 | Инструменты