Dunyoda taxminan 300 million nafarga yaqin xalqaro muhojir bor. Bu dunyo aholisining 3,6 foizini tashkil qiladi. Maʼlumotlarga ko‘ra, xalqaro migrantlarning 48 foizi ayollar, 38 millionga yaqini bolalar, 4,4 million nafari talabalar va 164 million nafari mehnat muhojirlari hisoblanadi. Ularning 75 foizi mehnatga layoqatli yoshdagi (20-64 yosh) odamlardir.
AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi mutasaddilari maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yilning o‘zida 161,8 ming nafar fuqaro xorijga ishga yuborilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, xorijga ishga jo‘natishning beshta asosiy bosqichi mavjud bo‘lib, bular eng avvalo salohiyatli ish beruvchilarni topish, xorijda ishlash istagidagi nomzodlarni aniqlash va tanlovlar o‘tkazish, til va kasbga maqsadli tayyorlash, chiqish oldi hujjatlarni rasmiylashtirish, xorijdagi fuqarolarning huquqlarini himoya qilishdan iborat.
Joriy yilda 200 ming nafar fuqaroning Yevropa, Osiy va Tinch okeani davlatlari, Arab davlatlari, MDH davlatlari va Shimoliy Amerika mintaqalari kabi xorijiy davlatlarga ishga joylashishida ko‘mak berish rejalashtirilgan. Shundan 40 ming nafar fuqaro ingliz, nemis, koreys, yapon va rus tili kabi xorijiy tillar bo‘yicha o‘qitiladi. 60 ming nafar fuqaro tibbiyot, haydovchilik, payvandlash, qurilish va avtomexanik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitiladi.
Tanlab olingan nomzodlarga ish joyi talablari, etikasi va ichki tartib qoidalariga rioya qilishi lozimligi, xorijiy davlatlar tili, madaniyati va qonunchiligi borasida tushunchalar berib o‘tiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11800 | Инструменты