AOKAda Biznes-ombudsman devoni rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan "Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-184-son Farmoni tadbirkorlarning ishonchli faoliyat yuritishi uchun yana-da keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Farmon bilan quyidagi muhim o‘zgarishlar kiritilmoqda:
2025-yil 1-yanvardan:
Jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi;
Fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish va xodimlar sonini yashirish kabi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi.
2025-yil 1-martdan:
Sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatilganda, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga davlat bojining bir qismi qaytarib beriladi.
Nazorat qiluvchi organlar faoliyati takomillashtiriladi:
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlandi;
"Xavfni tahlil qilish" elektron tizimi joriy etiladi va tekshiruvlar xavf darajasiga qarab o‘tkaziladi;
Barcha tekshiruvlar "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar xodimlarining malakasi oshiriladi:
Tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaga ega xodimlar har ikki yilda Biznes-ombudsman tomonidan tashkil etiladigan o‘quv kurslarida malakasini oshiradi.
Nazorat qiluvchi organlar faoliyati baholanadi:
Biznes-ombudsman har yili nazorat qiluvchi organlar faoliyatini baholab, ularning reytingini eʼlon qilib boradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120613 | Инструменты