Hozirda 7 nafar o‘quvchi Gʻuzor tuman tibbiyot birlashmasida stasionar davolanmoqda. Qolgan 15 nafarining sog‘lig‘i yaxshilanib, uyiga javob berilgan
Qashqadaryoda 22 nafar o'quvchi paxta dalasiga sepilgan doridan zaharlandi. Bu haqda Ichki Ishlar vazirligi ma'lumot berdi.
Yozilishicha, 23 sentabr kuni soat 11:45 larda Gʻuzor tumanidagi 51-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 22 nafar o‘quvchisi ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.
O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, maktab binosi joylashgan “Yangiobod” mahallasiga tutash hududda “Shoxmalik Shermurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligiga tegishli jami 88 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 20 gektari maktab atrofida joylashgan. Mazkur yer maydonlariga paxta ekilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni soat taxminan 09:00 larda fermer xo‘jaligi tomonidan paxtaning erta yetilishini ta’minlash maqsadida “Agro Augron” nomli dori vositasi sepilgan. Buning oqibatida maktabda bo‘lgan 10–11-sinflarning 22 nafar o‘quvchisi havo orqali zaharlanganlik alomatlari bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilgan, ularga birlamchi “Oshqozon dispepsiya sindromi“ tashxisi qo‘yilgan.
Hozirda 7 nafar o‘quvchi Gʻuzor tuman tibbiyot birlashmasida stasionar davolanmoqda. Qolgan 15 nafar o‘quvchining sog‘lig‘i yaxshilanganligi munosabati bilan ular yashash manziliga javob berilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 201-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Holatga huquqiy baho berish maqsadida tegishli ekspertizalar tayinlangan. Ayni vaqtda Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92915 | Инструменты