Huawei 1
21-22-iyun kunlari London shahrida "O'zbekiston madaniyati va milliy taomlari" festivali o'tkaziladi

Joriy yilning 21-22-iyun kunlari Buyuk Britaniya poytaxti London shahridagi mashhur "Tower Bridge" oldida an'anaviy "O'zbekiston madaniyati va milliy taomlari" festivali bo'lib o'tadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Tadbirda 100 dan ortiq O'zbekiston san'at ustalari, madaniyat xodimlari, hunarmandlar, nufuzli dizaynerlar va milliy brend asoschilari, shuningdek, turoperatorlar va oshpazlar ishtirok etadi.

Festival doirasida Londonda ilk bor respublikamizning 20 dan ortiq yetakchi eksportyor kompaniyalari ishtirokida "Made in Uzbekistan" savdo yarmarkasi tashkil etiladi. Unda 2 tonnadan ko'proq O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari (sabzavotlar, sarxil mevalar, dukkakli hamda poliz ekinlari) hamda tayyor va yarim tayyor oziq-ovqatlarning yirik taqdimotlari o'tkaziladi.

Bundan tashqari, O'zbekiston-Britaniya sayyohlik kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizning turistik salohiyatini targ'ib qilish maqsadida "Road Show"lar va B2B shaklidagi uchrashuvlar o'tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Mazkur festival to'g'risida Londonning markaziy ko'chalaridagi 10 dan ortiq yo'nalishlarda qatnovchi ikki qavatli avtobuslarda "Welcome to Uzbekistan" mavzusidagi bannerlar joylashtirildi.

Bo'lajak "O'zbekiston madaniyati va milliy taomlari" festivali yurtimizning xalqaro nufuzini yana-da oshirish, turizm almashinuvini rivojlantirish va ikki tomonlama madaniy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72801 | Инструменты