Huawei 1
“41 mlrd so‘m tadbirkorlarda qoladi” — Mubin Mirzayev markirovka qurilmalari xarajatiga soliqlarni kamaytirish haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish va raqamli markirovkalash tizimini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan 2027-yilgacha tadbirkorlarning markirovka qurilmalarini sotib olish xarajatlari summasiga foyda, AOS va YTTlar uchun JShODSni kamaytirish huquqi berilmoqda. Bunda bitta qurilma uchun BHMning 4 baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida qo‘llaniladi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning qayd etishicha, buning natijasida 41 mlrd so‘m mablag‘lar markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi 42 ming nafar tadbirkorning ixtiyorida qoladi.

Shuningdek, loyiha bilan pivo mahsulotlarini sotish faoliyati soliq organlarini xabardor qilgan holda amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilmoqda. Hozirda mazkur faoliyatni xabardor qilmasdan amalga oshirish mumkin.

Tamaki va pivo mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanish huquqi uchun BHMning 10%i (37,5 ming so‘m) miqdorida oylik yig‘im joriy etilmoqda. Buning hisobiga budjetga 3 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar tushishi hisob-kitob qilingan.

Mubin Mirzayev qonun qabul qilinishi tadbirkorlarni soliqlar orqali rag‘batlantirishi, tamaki va pivo mahsulotlarini yashirin ishlab chiqarishning oldini olish orqali aholi qalbaki mahsulotlardan himoya qilinishi va raqamli markirovkalash tizimi yaxshilanishini qayd etdi. Deputatlar loyihani birinchi o‘qishda qabul qildi.

2024-yilning may oyida majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan markirovkasiz mahsulotlarni sotish holatlari aniqlanganda tadbirkorlarga nisbatan chora ko‘rish belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11504 | Инструменты