Ispaniya hukumati Yevropa Ittifoqi mamlakatlari norezidentlarining ko‘chmas mulk xaridiga 100 foizlik miqdorda soliq joriy etish niyatida, deb xabar bermoqda Financial Times.
Qayd etilishicha, hozirda mamlakatda bu turdagi soliq miqdori hududlardan kelib chiqib, ko‘chmas mulk narxining 7-12 foizini tashkil etadi. Ispaniya hukumati ushbu maqsadlar uchun alohida soliq joriy etish yoki uni davlat bojiga qo‘shishga tayyor.
Ta’kidlanishicha, Ispaniyada asosan ko‘chmas mulklarni YeI tarkibiga kirmaydigan Buyuk Britaniya fuqarolari xarid qilmoqda. Uning ortidan Germaniya, Marokash, Polsha va Italiya fuqarolari o‘rin olgan. Ispaniya hukumatiga ko‘ra, so‘nggi yillarda AQSh, Meksika va Venesuela fuqarolaridan mamlakatda ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha ko‘plab arizalar kelib tushmoqda.
Bosh vazir Pedro Sanchesning ma’lum qilishicha, YeI norezidentlari Ispaniyadan har yili 27 mingta ko‘chmas mulk obektini «asosan spekulyatsiya maqsadida» sotib olyapti. Natijada, ispanlarga uy-joy yetmayapti, uy xaridi yoki ijarasi esa tinmay oshib, «keng ko‘lamli inqirozni» yuzaga keltirmoqda. Yaqin yillarda 100 foizli soliq to‘g‘risidagi qonun Ispaniya parlamentiga kiritiladi.
Avvalroq Ispaniya 2025 yil apreldan boshlab «oltin vizalar» — investitsiya evaziga chet el fuqarolariga mamlakatda yashash ruxsatnomasini berish tartibini bekor qilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. «Oltin vizalar» dasturi YeI tarkibiga kirmaydigan davlatlar fuqarolariga investitsiya kiritish, birinchi navbatda ko‘chmas mulk xarid qilish orqali yashash huquqini olish imkonini beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11506 | Инструменты