“Abdulloh” nomi bilan tanilgan bloger Yugay Valeriy qamoqqa olindi . Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Bobur To‘laganov ma’lum qildi.
Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “Abdulloh” nomi bilan tanilgan Toshkent viloyatida yashovchi 26 yoshli shaxs 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida Koreya Respublikasida bo‘lib turgan vaqtida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, milliy qadriyatni tahqirlovchi hamda diniy e’tiqodga ko‘ra fuqarolarni kamsituvchi so‘zlar bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qator haqoratli chiqishlar qilib borgan.
Olingan ma’lumotga asosan, ushbu shaxs joriy yilning 24 mart kuni Abu Dabi-Samarqand reysi orqali O‘zbekiston Respublikasi hududiga keltirilib, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
“Men Yugay Valeriy ijtimoiy tarmoqda xalqimizni haqorat qilganman. Men hammasini aktiv uchun qilgandim, tanilishim uchun qilgandim. Lekin bu narsaning hammasini tushunib yetib, juda qattiq pushaymonman. Hammadan chin qalbimdan kechirim so‘rayman. Juda qattiq pushaymonman. Iltimos, meni kechiringlar”, deydi u.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yugay Valeriyga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41811 | Инструменты