Prezident Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini astoydil himoya qilgan, lekin ozgina omadi kelmagan sportchilarimizni ham samimiy tabrikladi.
Xususan, badiiy gimnastika bo‘yicha sportchi qizlarimiz Olimpiya o‘yinlari tarixida birinchi marta guruh bellashuvlarining final bosqichiga yetib bordilar.
Ular dunyoning eng kuchli 8 ta jamoasi orasidan joy egallagani ham o‘ziga xos muhim natija bo‘lgani qayd etildi.
Shu bilan birga, mamlakatimiz tarixida birinchi marta Olimpiya maydonlarida to‘p surgan navqiron futbolchilarimiz jahondagi eng kuchli jamoalarga qarshi munosib kurash olib borgani taʼkidlandi.
"Olimpiada o‘yinlari ko‘plab sportchilarimiz uchun, garchi ular sovrinli o‘rinlarga erishmagan bo‘lsalar ham, o‘ziga xos katta tajriba maktabi bo‘ldi. Va barchamiz kelgusida ulardan yuksak natijalar kutishga haqlimiz", - dedi Prezident.
Prezident barchamiz guvohi bo‘lgan yana bir muhim jihatni aytib o‘tdi.
Sportchilarimizning ulkan g‘alabalari nafaqat xalqimizni, balki butun mintaqamizni ruhlantirib yubordi. Bunday yutuqlar xalqlarimizni birdamlikka, har qanday sharoitda ham yelkama-yelka turishga chorlagani qalbimizni faxru g‘ururga to‘ldirdi.
Ayniqsa, boks bo‘yicha o‘zbek murabbiysi Akmal Hasanov qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘liga yordam berib, uni musobaqaning finaligacha borishida ko‘maklashgani mintaqamizdagi do‘stona munosabatning yorqin namunasi bo‘ldi.
"Ahil qo‘shnichilik tamoyillariga qurilgan siyosatimiz bugun xalqlarimiz yuragiga ko‘chganini ko‘rish albatta quvonchlidir", - dedi davlat rahbari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42819 | Инструменты