Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirovga “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgan edi.
Parlament so‘rovida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi loyihalarni yakuniga yetkazish borasida ko‘rilayotgan choralar, iste’molchilarga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgandi.
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va oqova suv xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-2023-yillarda respublikani ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 15 trln so‘mga yaqin mablag‘lar hisobidan 5 166 ta ichimlik va oqova suv obyektlari qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Shu davrda xorijiy moliyaviy institutlar va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda jami 825 mln. dollarlik loyihalar doirasida 124 ta yirik inshootlar qurildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yildagi 64 foizdan 77 foizga yetkazildi.
Shuningdek, 9,3 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 7,3 million nafar fuqarolarning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Bu orqali qo‘shimcha 221 ming iste’molchilarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish tashkil etildi.
Joriy yilda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, davlat budjetidan ajratilgan 1 trln 94 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan 68 ta ichimlik, 21 ta oqova suv obyektlarini qurish, 861 km ichimlik va 201 km oqova suv tarmoqlarini tortish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, xorijiy moliyaviy institutlar va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi 20 ta loyiha doirasida jami 308,2 mln dollarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, buning hisobiga 452 km ichimlik va 110 km oqova suv tarmoqlari tortish, 8 ta suv taqsimlash inshooti, 15 ta oqova suv nasos stansiyalarini qurish ko‘zda tutilgan.
Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilishicha, 2024-yilda qiymati 256,7 mln dollar bo‘lgan 4 ta yirik loyihalarni boshlash rejalashtirilgan. Natijada yil yakuni bilan aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77 foizdan 81 foizga yetkaziladi.
Majlisda parlament so‘roviga javob yuzasidan mas’ul qo‘mitaga tegishli vazirlik bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqib, deputatlar tomonidan ko‘tarilgan taklif va tavsiyalar asosida takomillashtirish vazifasi berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122417 | Инструменты