Huawei 1
Al-Azhar universitetida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalar reestri tuzildi

Madaniy meros agentligi tomonidan hozirgi kunga qadar O‘zbekistonga oid va jahonning 40 dan ortiq mamlakatida saqlanayotgan 11.000 (o‘n bir ming)dan ortiq madaniy boylik – qo‘lyozma, miniatyura, hujjat, arxeologik topilma, me’moriy bezak bo‘laklari, bezak-taqinchoq, naqsh, surat, tekstil kabi osori atiqalar aniqlandi va ilmiy tavsifi tuzildi.

Ana shu boylikning 50 foizini, ya’ni 6000 ga yaqinini qo‘lyozmalar tashkil etadi. 2020-2024 yillarda Madaniy meros agentligining ilmiy mahsuli, ajdodlarimizning xorijdagi yozma merosini jamlagan manba – «O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozmalar reyestri»ning uchta tomi uch – o‘zbek , ingliz, rus – tillarida nashr etildi. Mazkur tomlar o‘z ichiga 3159 ta qo‘lyozma ilmiy tavsifini qamrab olgan.

Joriy yilda Agentlikda yana bir nashr – o‘z ichiga 2428 ta qo‘lyozma nusxasining ilmiy tavsifini qamrab olgan – O‘ZBEKISTONGA OID AL-AZHAR UNIVERSITETI KUTUBXONASIDAGI QO‘LYoZMA ASARLAR REYeSTRI amalga oshirildi.

Ushbu nashr O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi yordamida olingan, 2016 yilda nashr qilingan «Al-Azhar ash-Sharif» kutubxonasining 49361 ta qo‘lyozmasiga taalluqli ilmiy tavsiflardan iborat 28 tomlik fihristi (“فهرس مخطوطات مكتبة الأزهر الشريف”) va uning elektron varianti asosida tayyorlandi.

Ushbu kutubxona 381 hijriy/992 milodiy yili, ya’ni al-Azhar masjidi tashkil etilganidan 20 yil o‘tganidan so‘ng o‘z faoliyatini boshlagan. Taxminan 1031 yil mobaynida foydalanuvchilarga xizmat qilib kelmoqda.

Qo‘lyozma asarlar nusxalariga xalq orasida talab va ehtiyoj katta bo‘lganligini ularning ko‘chirilishi tarixi va soniga qarab belgilash mumkin. Bu borada to‘la asos ila, ular orasida, diyorimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlari birinchilar qatoridan o‘rin olgan.

Ushbu Reyestrni amalga oshirishda ilmiy tadqiqotlar asnosida, birinchi navbatda, allomalarimiz tomonidan yozilgan asarlar va ular yozgan sharhlar nusxalariga e’tibor qaratildi va ular nashrga kiritildi. Barcha ilmiy tavsiflarni manbada, ya’ni «Al-Azhar ash-Sharif [университети] kutubxonasi qo‘lyozmalari fihristi»da keltirilgan ma’lumotlar asosida, ya’ni ularni o‘zgartirmagan holda bayon etildi.

Fihristdagi mazkur qo‘lyozma nusxalari ichidan bevosita O‘zbekiston allomalari tomonidan yozilgan yoki ularning asarlariga oid sharhlardan tashkil topgan 2428 qo‘lyozmasiga oid ma’lumot mavjud.

Ular jumlasida: Imom al-Buxoriy «Al-Jomi’ as-Sahih» («Sahih al-Buxoriy») asarining 412 ta nusxasi; Laysiy Samarqandiy asarlarining 481 nusxasi; Sa’ad Taftazoniy qalamiga mansub asarlarining 472 nusxasi; Sayyid Sharif Jurjoniy asarlarining 179 nusxasi; Abul Barakot Nasafiyning asarlarning 135 nusxasi; Abu Iso at-Termiziy asarlarining 153 nusxasi, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy va boshqa alloma hamda mutafakkirlarimiz asarlarining ko‘plab nusxalari haqidagi ilmiy tavsiflar ham o‘rin olgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122710 | Инструменты