Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanadi
Prezidentning tegishli qaroriga (PQ-4865, 19.10.2020y) ko'ra, 2021 yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanadi.
Qarorga ko'ra:
- Alisher Navoiy hayoti va ijodini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng o'rganish va targ'ib qilish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etiladi;
- Alisher Navoiyning ijodiy merosini chuqur o'rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo'shgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordeni ta'sis etiladi;
- xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo'lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralari ko'riladi;
- Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish bo'yicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovi e'lon qilinadi;
- 2021 yil oxiriga qadar O'zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani bo'yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasi yaratiladi;
- 2021 yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi;
- 2021 yil noyabr oyining birinchi o'n kunligida Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotidagi o'rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120301 | Инструменты