Huawei 1
“Andijon muzqaymog‘i”ni isteʼmol qilish hayot uchun xavfli — Sanepidqo‘mita

Sanepidqo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi isteʼmolchilarni ogohlantirdi. Maʼlum qilinishicha, ushbu nom bilan sotilayotgan ko‘chadagi muzqaymoqlar qachon, qayerda va qay sharoitda tayyorlangani haqida hech qanday maʼlumot mavjud emas.

Bundan tashqari, qadoqlarda mahsulotni qanday sharoitda va qancha muddatgacha saqlash mumkinligi ham yozilmagan. Shunday ekan, ushbu mahsulotni isteʼmol qilish hayot uchun xavfli hisoblanadi.

Qo‘mitaning qo‘shimcha qilishicha, ushbu mahsulotni ko‘chada sotish uchun hech qanday ruxsatnoma olinmagan. Ular taqdim etishi mumkin bo‘lgan ruxsatnoma ko‘chada sotish uchun emas, balki ishlab chiqaruvchi korxona uchun berilgan.

Qayd etilishicha, isteʼmol uchun sotilayotgan har bir mahsulot, albatta, qadoqlangan bo‘lishi va unda ishlab chiqarilgan joyi, sanasi, mahsulot tarkibi va saqlash muddatlari alohida ko‘rsatilishi kerak.

"Ushbu mahsulotda esa bunday maʼlumotlarni qidirib topolmaysiz. Muzqaymoq sut va sut mahsulotlaridan tayyorlanadi va u tez o‘zgaruvchanlik xususiyatini yuzaga keltiradi. Muzqaymoqlar minus haroratda saqlanishi talab etiladi. Bunday holatda saqlanganda muzqaymoq erib, sifati o‘zgaradi. Bu idishlar esa muzlatkich emas, ular mahsulotni to‘g‘ri holda saqlab berolmaydi",- deyiladi xabarda.

Shuningdek, oziq-ovqat sotuvchi har bir xodim har 6 oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va maxsus kiyim bilan taʼminlangan bo‘lishi ham talab etiladi. Agar sotuvchi yuqumli kasallikka chalingan bo‘lsa, savdo jarayonida mijozlarga ham yuqtirishi mumkin.

Bundan tashqari, qo‘mita mavsum boshida ushbu muzqaymoqlar laboratoriya sharoitida tekshirilganda ular tarkibida stafilokokk bakteriyasi aniqlanganligini qayd etdi. Ushbu bakteriya oziq ovqatga tushganda va isteʼmol qilinganida, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi, tomoqda yallig‘lanish, toksiko-infeksiya yoki zaharlanish holatlari yuzaga keladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41905 | Инструменты