Andijonda 3 farzandning onasi, 28 yoshli ayol onlayn qimor o‘yini sabab o‘z joniga qasd qilgani aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu xabar yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 17-iyul kuni Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi N.S. “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qizi 1996-yilda tug‘ilgan M.X. shu kuni 17:00 atrofida uyidan chiqib, nomaʼlum tomonga ketib, qaytib kelmasdan bedarak yo‘qolganligi sababli uni qidirib topishda amaliy yordam berishni so‘ragan murojaat qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida M.X. ovsini P.M.ga tegishli bo‘lgan telefon raqamiga Telegram orqali shu yilning 17 iyul kuni soat 17:00 atrofida onlayn savdo platformasida pul mablag‘lari yutqazib qo‘yganligini, shu sababli o‘z joniga qasd qilmoqchiligini bildirib, ovozli habar qoldirganligi aniqlangan.
Tuman prokuraturasi, tuman IIB va FVB xodimlari tomonidan olib borilgan tezqor qidiruv tadbirlari natijasida, M.X.ning jasadi 2024 yil 22 iyul kuni soat 10:00 atrofida Asaka tumani Labgardon MFYdan oqib o‘tuvchi "Asaka Tashlamasi" soyidan tan jarohatlarisiz topilgan.
M.X.ning o‘limi sabablarini aniqlash yuzasidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasining 2024 yil 22 iyuldagi dastlabki xulosasida uning o‘limiga yuqori nafas yo‘llarini suv bilan berkilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Asaka tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71211 | Инструменты