Rivojlangan mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida joriy yilning mart oyida O‘zbekiston – Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan forum doirasida Andijon davlat chet tillar instituti hamda Janubiy Koreyaning Cheju Halla universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kunlarda ana shu hamkorlik ko‘lamini kengaytirish va mustahkamlash maqsadida Andijon davlat chet tillar institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Cheju Halla universiteti rektori janob Sung Hun Kim boshchiligidagi universitet xodimlari delegatsiyani samimiy kutib oldi. O‘zaro muloqotda universitet bilan akademik hamda ilmiy sohada hamkorlik aloqalari yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.
Uchrashuvda kelgusida Andijon davlat chet tillari instituti professor-o‘qituvchilarini universitetga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, talabalar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, joriy yilning oktyabr oyida instutda Cheju Halla universitetining Koreys tili markazini ochishga kelishib olindi.
Shuningdek, kelgusida Andijonda koreys tili bo‘yicha bilish darajasini baholovchi TOPIK xalqaro test markazini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur kelishuv amalga oshsa, viloyat yoshlari ushbu darajani olish uchun poytaxtga borishlari shart bo‘lmaydi.
Tashrif doirasida professor-o‘qituvchilar tomonidan Cheju Halla universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun “O‘zbekiston ta’lim tizimining ustuvor tamoyilllari” hamda “Madaniyatlararo muloqot kompetensiyasi” va boshqa qator mavzulardada ma’ruzalar o‘qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61515 | Инструменты