Andijonda yangi tug'ilgan chaqaloq jasadi topildi
Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yangi tug‘ilgan qiz chaqaloqning jasadi topildi.
Holat bo'yicha Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Uzreport.news'ga ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 21 yanvar kuni soat 09:30 larda Jalaquduq tumani, Janubiy Olamushuk shaharchasi, Ittifoq MFY, Tikka ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududdan yangi tug‘ilgan (qiz jinsli) chaqaloqning jasadi topilgan.
Mazkur holat bo‘yicha voqea joyi tuman prokurori, tuman prokuraturasi tergovchisi, tuman IIB boshlig‘ining 1-o‘rinbosari, EKB eksperti, viloyat sud tibbiy ekspertiza mutaxassisi hamda tezkor-tergov guruhi a’zolari ishtirokida hodisa joyi va chaqaloq jasadi ko‘zdan kechirilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur chaqaloqni shaharchaning “Navoiy” MFY, Birlik ko‘chasidagi uyda yashovchi voyaga yetmagan 17 yoshli (2004 yil 1 iyulda tug‘ilgan) M.Sh. yashash uyining yonidagi qurilishi tugallanmagan bino ichida 20 yanvar kuni soat 23:00 larda o‘lik holatda tug‘ib, uning jasadini ushbu binoning orqa tomoniga tashlab ketganligi aniqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi Andijon filialining dastlabki ma’lumotnomasida tug‘ilgan chaqaloq o‘lik homila ekani aniqlangan.
Chaqaloqning o‘lim sabablarini hamda badanida tan jarohatlari yoki ularning izlari bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, ijro etish uchun viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosiga yuborilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Xorazmdagi chiqindixonadan to‘liq yetilmagan chaqaloq murdasi topilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91102 | Инструменты