Huawei 1
Anjirni to'g'ri va sifatli yetishtirishda qay usuldan foydalanish samara beradi

Anjir yetishtirishda mo'l hosil olish uchun tuproq tayyorlash, ko'chat ekish, parvarishlash va kasalliklarga qarshi kurash bo'yicha bir qator muhim jarayonlarni to'g'ri tashkil qilish zarur.

Avvalo, ekishdan oldin yer maydoni tekislanib, unga chirigan go'ng, chirindi, fosforli, kaliyli va azotli o'g'itlar qo'shilib, chuqur haydalishi kerak. Ko'chatlar uchun 50×50 sm o'lchamda chuqur kovlanib, 20–25 sm ustki tuproq qatlami alohida ajratiladi.

Ko'chatlar tayyorlangan shaltoqqa (mol go'ngi va tuproq 1:1 nisbatda) botirib olinganidan keyin, oldin olingan tuproq bilan ko'miladi va har bir chuqurga suv quyiladi. Ekish sxemasi 5×4 m bo'lib, mart oyida amalga oshiriladi.

Parvarish jarayonida anjir tuplari butasimon shakllantiriladi. Bunda asosiy 3–4 ta yirik shox qoldiriladi, qishdan chiqqan novdalar 1/3 qismiga qisqartiriladi va qalin shoxlar siyraklashtiriladi. Bu yaproqlarga quyosh nuri va shamolning yaxshi kirib borishiga yordam beradi.

O'g'itlash mevalarning sifati va hajmini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Anjir tuplariga 250–300 g azotli, 200–220 g fosforli va 180–200 g kaliyli o'g'itlar qo'llash tavsiya qilinadi. Azot o'g'iti 30–40% kuzda, qolgan qismi aprel va iyul oylarida teng miqdorda solinadi. Har 2–3 yilda 50–60 kg chirigan go'ng solish hosildorlikka ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Sug'orish tuproq turiga qarab tanlanadi: bo'z tuproqlarda 6–10 marta, shag'allik yerlarda 10–12 marta suv berish lozim.

Hosilni o'z vaqtida yig'ish sifatli mevalar olishning muhim shartlaridan biri. Mevalar yozning o'rtalarida pishib yetiladi va navga xos to'q jigarrang rangga kirganda uzish lozim. Pishib ketgan mevalar vaqtida terib olinmasa, shoxida qurib qolishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82609 | Инструменты