AQSHning Kaliforniya shtati chegarachilari sobiq SSSRning bir qancha davlatlaridan kelgan noqonuniy muhojirlarni zudlik bilan deportatsiya qilishga buyruq oldi. Gap Gruziya, Moldova, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari haqida ketmoqda. Bu haqda New York Post xabar berdi.
Qayd etilishicha, tegishli buyruq voyaga yetgan migrantlarga aloqador. 100 dan ortiq mamlakatlarni o‘z ichiga olgan sharqiy yarim shardagi boshqa davlatlardan kelgan migrantlarga esa ularning ishlari ko‘rib chiqilguncha AQSHda qolishga ruxsat beriladi. Chegarachilar tomonidan qabul qilingan buyruq chegaraning San-Diego shahri yaqinidagi qismiga tegishli. Bu hudud sharqiy yarim shardagi davlatlardan kelgan noqonuniy muhojirlarning asosiy qismini tashkil etadi.
Ma'lumot uchun, AQSHda Meksikadan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarga boshpana berishga vaqtinchalik taqiq kuchga kirgan. Yangi qoidalar Amerika rasmiylariga Qo‘shma Shtatlarda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan shaxslarni tezroq chiqarib yuborish imkonini beradi.
AQSHda noqonuniy muhojirlar sonining ortib borayotgani 2024-yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida sobiq prezident Donald Tramp va Oq uyning amaldagi rahbari o‘rtasidagi qarama-qarshilikning asosiy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Tramp Baydenni “ochiq chegara siyosati” uchun tanqid qilgan va agar davlat rahbari etib saylansa, Amerika tarixidagi eng yirik ichki deportatsiya operatsiyasini boshlashga va’da bergan.
Bayden prezidentligi davrida Meksika bilan chegaradan noqonuniy ravishda mamlakatga kirgan muhojirlar soni rekord darajaga yetgan. 2023-yilda AQSH janubiy chegarasini 2,4 milliondan ortiq odam kesib o‘tgan.
Xususan, 2021-yildan 2023-yilgacha O‘zbekistonning 13 600 nafar fuqarosi Meksika orqali AQSHga noqonuniy kirishga uringan. AQSHga noqonuniy migratsiya bo‘yicha Turkiya yetakchilik qilmoqda — 30 800 nafar Turkiya fuqarosi AQSH chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan. Undan keyingi o‘rinni 15,5 ming kishi bilan Mavritaniya egallagan bo‘lsa, O‘zbekiston bu ro‘yxatda uchinchi o‘rinda turibdi.