Huawei 1
Avtomobillar asl narxidan qimmat sotilishda davom etmoqda — Markaziy bank

Markaziy bank 2023-yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhini e’lon qildi. Tahlilga ko‘ra, o‘tgan yili respublikada avtomobillar asl narxidan yuqori bahoda sotilishdan to‘xtamagan.

Yil davomida ommabop avtomobillarga qo‘shimcha shartnomalar ochilishi va ayrim mashinalar uchun bojlar kamaytirilishi bozordagi yuqori talab sharoitida taklif hajmi ortishiga sabab bo‘ldi.

“Taklif sezilarli o‘sishi hisobiga avtomobillarning fundamental va bozor narxlari o‘rtasidagi tafovut qisqarib, 7 foizni tashkil etdi”, — deya qayd etilgan sharhda.

O‘tgan yilda avtokreditlar foiz stavkalari oshib, o‘rtacha 24 foizga yetgan. Ushbu davrda avtokreditlarning o‘rtacha tortilgan so‘ndirish muddati 4,3 yil bo‘lib, 2022-yilning mos davriga nisbatan yarim yilga yuqoriroq shakllangan. Avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha kredit stavkasining ortishiga qaramay, kredit muddatining uzayishi aholining avtomobil xarid qilish qobiliyatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatgan.

Hisobot davrida avtomobillar bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar taklifi sezilarli o‘sgan. 2023-yil davomida respublikada 396 mingta yengil avtomobil (maxsus yengil avtomobillardan tashqari) ishlab chiqarilgan (2022-yildagidan 26 foiz ko‘p). Bunda, mamlakatda yengil avtomobil ishlab chiqarish korxonalari sonining ortishi ham qo‘shimcha taklif yaratilishiga ijobiy hissa qo‘shgan.

O‘z navbatida, yengil avtomobillar importi sonining sezilarli o‘sishi ichki talabni qisman qondirishga xizmat qilgan. Ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi yengil avtomobil vositalarini olib kirishda bojxona bojlarining kamaytirilishi avtomobillar importi hajmining sezilarli ortishiga olib kelgan. Xususan, 2023-yilda mamlakatga 73 mingta yengil avtomobil (2022-yildagidan 2,4 barobarga ko‘p) import qilindi.


“Mamlakatda mavjud yengil avtomobillar sonida kuzatilayotgan yuqori o‘sish tendensiyasiga qaramay, aholining yengil avtomobillar bilan taʼminlanganlik holati nisbatan past darajani ko‘rsatmoqda. Xususan, 2023-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda mavjud yengil avtomobillar sonida yillik 11 foiz o‘sish kuzatilgan. 2024-yil 1-yanvar holatiga respublikada har 1000 nafar doimiy aholiga 103 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelib, 2023-yil boshiga nisbatan 8 taga ortgan. Mamlakatda har 1000 kishiga to‘g‘ri keladigan yengil avtomobillar soni sezilarli darajada ortsa-da, ko‘rsatkich Markaziy Osiyo va boshqa davlatlar orasida nisbatan past shakllanmoqda”, — deyiladi tahlilda.

 

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, avtomobil bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning bank tizimi moliyaviy barqarorligiga taʼsiri saqlanib qolmoqda.


“2023-yilda avtokreditlar qoldig‘ining jadal surʼatlarda o‘sib borishi, avtomobil bozorida narxlarning keskin arzonlashishi banklarda kredit yo‘qotishlarining yuzaga kelishi mumkinligidan dalolat beradi. Shuningdek, bank tizimi jami aktivlarida yuqori ulushga ega banklarning kredit portfelida avtokreditlar ulushining ortayotgani, avtomobillar bozorida sodir bo‘lishi mumkin noaniqliklar tufayli bank tizimida xatar yuzaga kelish ehtimolini oshiradi”, — deyiladi sharhda.

Xulosa qilinishicha, avtomobillar bozoridagi xatarlarning bank tizimiga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida tegishli makroprudensial choralar ko‘rilgan. Bu esa, avtomobil narxlarining keskin pasayishi sharoitida avtokreditlar bo‘yicha yo‘qotishlarni zaxira bilan taʼminlash imkonini beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122406 | Инструменты