Oʻzsanoatqurilishbank tizimida tadbirkorlarning xalqaro va mahalliy kapital bozorlariga chiqishi hamda faoliyatini kengaytirishiga koʻmaklashuvchi yangi tuzilma – Investitsion banking markazi faoliyat boshladi.
Prezidentimizning joriy yil 20-dekabrda mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan uchrashuvida sohani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yil yakunlari va 2025-yilga moʻljallangan rejalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari endi tadbirkorlar bank krediti bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga moslashib, chetdan mustaqil mablagʻ olib kelishi lozimligini taʼkidladi.
Oʻzsanoatqurilishbankning Investitsion banking markazi tadbirkorlarning aynan xalqaro va mahalliy kapital bozorlariga chiqib, global moliya tizimlariga integratsiyalashuviga yaqindan yordam beradi.
Bu borada Bank tomonidan quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
• Tadbirkorlarni fond bozorlari talablariga, xususan, xalqaro standartlar bo‘yicha hisobot tayyorlashga, kredit va ESG reytingini olishga va Due diligence’dan o‘tishiga ko‘maklashish;
• mahalliy va xalqaro fond bozorlarida IPO/SPO hamda obligatsiyalar (jumladan, yevrobondlar) chiqarish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, ushbu amaliyotlarni birgalikda amalga oshirish;
• obligatsiyalar va aksiyalarni xalqaro hamda mahalliy kapital bozorlarida chiqarish, shuningdek anderrayter, tashkilotchi, bukranner va broker sifatida boshqarish;
• “yashil” moliyalashtirish va ESG tashabbuslari doirasida barqaror moliyaviy yechimlarni taqdim etish;
• xorijdan to‘g‘ridan to‘g‘ri kredit (qarz) olishda vakolatli yetakchi tashkilotchi yoki agent sifatida faoliyat yuritish;
• loyihalar doirasida mahalliy xizmat ko‘rsatuvchi bank sifatida ishlash, to‘g‘ridan to‘g‘ri va sindikatlangan moliyalashtirish jarayonlarida agent sifatida xizmat ko‘rsatish;
• kreditorlar agenti yoki kreditorlararo agent sifatida xizmat ko‘rsatish;
• ta’minot agenti yoki ishonchli boshqaruvchi sifatida xizmat ko‘rsatish;
• risklarni boshqarish bo‘yicha kompleks yechimlar, jumladan, SWAP, REPO va xedjirlash xizmatlarini ko‘rsatish.
Qayd etish joiz, O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekistondagi yirik moliyaviy institutlardan biri bo‘lib, uning bugungi kunda jami aktivlari 77 trillion so‘mni tashkil etadi.
“Fitch Ratings” va “S&P Global” xalqaro reyting agentliklari ko‘p yildan buyon bank reytingini BB-, istiqboli “barqaror”, deya tasdiqlab kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ham muassasa 2025 yil uchun tizimli ahamiyatga ega banklar qatoriga kiritildi.
Bundan tashqari, bank mahalliy korporativ emitentlar orasida birinchilardan bo‘lib 2019-yilda o‘z yevrobondlarini xalqaro fond bozorida muvaffaqiyatli joylashtirgan.
Shu bilan birga, London fond birjasida ham bankning “yashil” hamda barqaror rivojlanish dasturlari boʻyicha chiqargan xalqaro obligatsiyalari salohiyatli investorlarga sotilgan.
Investitsion banking markazi bankning ushbu yoʻnalishda toʻplagan tajribalari asosida faoliyat yuritib, mahalliy va xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122706 | Инструменты