Huawei 1
Banklar balansidagi issiqxona va muzlatkichli omborlar tadbirkorlarga uch yilga berilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o'tdi.

Banklar balansiga olingan issiqxona, qayta ishlash sexlari, muzlatkichli omborlar uzoq vaqt ishlatilmasa, yaroqsiz ahvolga kelishi qayd etildi.

Shu bois ushbu korxonalarni tajribali tadbirkorlarga uch yil muddatga ishonchli boshqaruvga berish taklif etilgan. Ijobiy natija ko‘rsatgan tadbirkorlarga bu mulklar 10 yilda bo‘lib to‘lashga beriladi.

Qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berish tizimini issiqxonalar uchun ham joriy qilish zarurligi taʼkidlandi.

O‘mon Sultonligining yirik savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari uchun alohida rasta ajratilib, ilk bor gilos, shaftoli va o‘rik eksporti yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajribani Malayziya, Saudiya Arabistoni, Arab Amirliklari, Qatar, Singapur, Koreya, Yaponiya va Yevropada kengaytirish muhim ekani aytildi.

Ushbu davlatlarda savdo yarmarkalarini birinchi marta tashkil qilish xarajatlari qoplab berilishi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda hokimlar tomonidan eksportni bajarish uchun boshqa viloyatdan kelgan tadbirkorlarga to‘sqinlik qilish hollari haligacha uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda xaridori va mablag‘i tayyor eksportchilar mahsulotsiz qolib ketayapti.

Bundan buyon eksport jarayonida fitosanitar sertifikatda mahsulot yetishtirilgan hudud majburiy ko‘rsatiladigan tizim bo‘lishi eʼlon qilindi. Shunda eksportchilarimiz sunʼiy to‘siqlarga uchramaydi.

Masʼul idoralarga bojxona va karantin maʼlumotlar bazasini integratsiya qilib, bu tizimni ishlatish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122703 | Инструменты