Huawei 1
Bir nechta Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshliqlariga hayfsan berildi, ayrim rahbarlarga jarima belgilandi

Sogʻliqni saqlash vazirligining joriy yil birinchi yarim yilligi yakunlariga bagʻishlangan Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Sogʻliqni saqlash vaziri A.Inoyatov ishtirokidagi tahliliy-tanqidiy ruhda oʻtayotgan yigʻilishda tibbiyotning birlamchi boʻgʻinidagi vazifalar ijrosi, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil etildi.

Qayd etilishicha, “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” Davlat dasturi doirasida mazkur sohani aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida 110 ta oilaviy shifokorlik punkti, 30 ta oilaviy poliklinika va 520 ta mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish belgilangan.

Biroq oʻtgan davrda Toshkent viloyatida rejadagi 10 ta, Qashqadaryoda 9 ta, Sirdaryoda 5 ta oilaviy shifokor punktidan birortasi tashkil etilmagan. Huddi shunday, oilaviy yangi poliklinikalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish borasida Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan.

Yigʻilishda birlamchi tizimni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika va mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish boʻyicha davlat rahbari topshiriqlarini bajarishda yoʻl qoʻygan sustkashligi uchun:

Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi B.Teshayev va Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri M.Kurbanovga oʻrtacha oylik ish haqidan 30 foiz jarima;

Shu bilan birga, vazir olib borilgan oʻrganishlar davomida hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari tomonidan profilaktik koʻriklar va skrining dasturlarini amalga oshirish mexanizmi joylarda tibbiyot xodimlariga toʻliq tushuntirib berilmaganligi va jarayon tizimli nazoratga olinmaganligi sababli tarmoq rejalari notoʻgʻri tuzilganligi, ularning ijrosi talab darajasida bajarilmaganligini tanqid qildi.

Shundan kelib chiqib, davolash-profilaktika ishlarini talab darajasida tashkil etmagani, tibbiyot brigadalari faoliyatini tashkillashtirishda nazoratni susaytirgani, aholi reproduktiv salomatligi koʻrsatkichlarining yomonlashgani uchun yigʻilishda:

Namangan viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi A.Iminov, Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi X.Xakimov, Navoiy viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi N.Safoyev va Xorazm viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi S.Sodiqovlarga hayfsan intizomiy jazo choralarini qoʻllash belgilandi.

Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari A.Yusupov hamda Fargʻona shahar tibbiyot birlashmasi boshligʻi A.Arabov, Uchkoʻprik tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi B.Oripov va Oʻzbekiston tibbiyot birlashmasi boshligʻi X.Qurbonov, Xiva tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻining onalik va bolalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Jumaniyezova, Hazorasp tuman tibbiyot birlashmasi rahbari oʻrinbosari A.Ibodullayev, Xorazm viloyati Tez tibbiy yordam markazi direktori U. Matyakubov, RSHTIYOM Xorazm filiali direktori oʻrinbosarlari B.Yusupova va B.Masharipovlar egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax, Xorazm, Toshkent viloyatlari sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlariga (Q.Kamalov, Yu.Mirxonov, A.Yorqulov, I.Xolmurzayev, U.Abdullayev, J.Asatullayev) hayfsan intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51104 | Инструменты