Angren shahrida jinoyatdan jabrlangan voyaga yetmagan qizning huquqlari ta’minlanishi holati Bolalar ombudsmani tomonidan joyiga chiqqan ravishda o‘rganilmoqda.
Bugun Bolalar ombudsmani Toshkent viloyatining Angren shahrida bo‘lib, voyaga yetmagan S. Y bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi.
Dastlab Bolalar ombudsmani Angren shahar Bolalar shifoxonasiga kelib, bu maskanda davolanayotgan voyaga yetmagan S. Y. ning umumiy ahvoli va davolanish jarayonini ko‘zdan kechirdi, boladagi kasalliklarning kechishi va muolajalarga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishdi.
Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan S. Y bilan individual suhbatlashib, bolaning fikrini o‘rgandi.
Ta’kidlash joiz, shifokorlar tomonidan S. Y dagi kasalliklarni (o‘tkir artrit, ikki tomonlama bronxopnevmaniya, oqsil energetik yetishmovchilik, anemiya og‘ir darajasi, sepsis) davolash uchun barcha zaruriy tibbiy choralar ko‘rilmoqda.
Bolada mavjud qayd etilgan kasalliklar surunkali tusga ega bo‘lib, ularning hech biri jinoyat hodisasi oqibatida yuzaga kelmagan.
Avval xabar berilganidek, S.Y ga nisbatan sodir etilgan jinoyat holati yuzasidan 09.04.2025-yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Bolalar ombudsmani vakolatlari doirasida mazkur jinoyat ishi yurituvi bo‘yicha o‘z kuzatuvni olib bormoqda. Jumladan, dastlabki tergov uchun mas’ullarga voyaga yetmagan jabrlanuvchi bilan bog‘liq protsessual va tergov harakatlarni olib borishda bolaning qo‘shimcha stress va ruhiy travma olishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda malakali pedagog va psixolog ishtirokini ta’minlash zarurligi bildirildi.
Shuningdek, o‘rganish davomida Ijtimoiy himoya milliy agentligining Angren shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutasaddilari bilan uchrashib, mazkur keys bo‘yicha amalga oshirilgan ijtimoiy, psixologik ko‘mak choralari borasida suhbatlashildi.
Xususan, “Inson” markazi mutaxassislari S. Y va uning oilasi bilan uzoq muddat davomida tizimli ish olib borib, murakkab vaziyatda bo‘lgan bolani himoyalash va reabilitatsiya qilish hamda oilaga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha davomli kompleks choralar ko‘rmoqdalar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72612 | Инструменты