Huawei 1
Bolalarda holsizlik, ko‘p terlash va sut tishlarining kech chiqishi nimaning alomati?

Bolalarda holsizlik, ko‘p terlash va sut tishlarining kech chiqishi raxit alomatimi?

Yangi tug‘ilgan chaqaloq parvarishi ota-onalardan alohida e’tibor va mas’uliyat talab etadi. Ayniqsa, bu davrda bola suyaklarining to‘g‘ri rivojlanishi juda muhim. Aks holda, dunyoga endi moslashayotgan organizmning sog‘lom shakllanishiga to‘siq bo‘luvchi turli kasalliklar chiqib kelishi mumkin. Ulardan biri xabfli raxit xastaligidir.

Kasallikni oldini olishda nimalarga e'tibor qaratish kerak?

Kasallikning oldini olish uchun bolani quyoshli kunlarda va ertalab ochiq havoda sayr qildirish, cho‘miltirish, darmondorilar, jumladan, "D" vitamini berish lozim. Eng muhimi, raxitning oldini olish bilan bog‘liq profilaktika ishlarini bola tug‘ilmasdan oldin boshlash maqsadga muvofiq.

Raxit kasalligining kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ladi? 

Raxit yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar organizmining umumiy xastaligi bo‘lib, "D" vitamini yetishmasligi sababli yuzaga keladi. Buning natijasida suyak to‘qimalarining hosil bo‘lishi, shakllanishi va ularning mineralizasiyasi bilan bog‘liq turli buzilishlar kuzatiladi.

Kalsiy va fosfor yetishmovchiligining oqibatlari

Bola organizmining benuqson rivojlanishi, xususan, suyaklarning to‘g‘ri o‘sishi va mustahkam bo‘lishi uchun kalsiy va fosfor elementlari juda zarur. “D” vitamini esa ushbu moddalarning ichakda so‘rilishi, suyak, mushak va boshqa a’zo to‘qimalariga yetib borishini boshqaradi. Agar bu vitamin yetishmasa, tanada o‘z-o‘zidan kalsiy va fosforga bo‘lgan ehtiyoj ham qondirilmaydi. Bu esa raxit xastaligini keltirib chiqaradi.

Kasallik boshlanganida bolada qanday o'zgarishlar kuzatiladi?

Kasallikning boshlanishi bolaning 3-4 oyligiga to‘g‘ri kelib, undagi nevrologik o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘ladi. Ya’ni, go‘dak ko‘p bezovtalanadi. Tez-tez qaysarlik va injiqlik qiladi. Uyqu buzilishi, shovqin va yorug‘likdan cho‘chishi hamda ta’sirchanlik kuzatiladi. Kichkintoy ko‘p terlaydi va mushak tonusi pasayadi. Natijada bolaning jismoniy rivojlanishi kechikadi. Ya’ni, u tengdoshlariga nisbatan o‘tirish, emaklash va oyoqqa turishda ortda qoladi.

Bola o‘z vaqtida davolanmasa, kasallik yanada zo‘rayib, suyaklarda salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Ya’ni, peshona va kallasining tepa qismi turtib chiqadi, ensa sohalari yassilanadi. Umurtqa pog‘onasi bukchayib, oyoq “X” yoki “O” shaklida qiyshayadi hamda yassioyoqlik rivojlanadi. Shuningdek, jajji bemorning immuniteti pasayib, yuqumli kasalliklarga ta’sirchan bo‘lib qoladi.

Hatto uzoq vaqt raxit bilan og‘rigan va davolanmagan bolalarning ko‘krak qafasi qiyshayishi, shu bilan birga, ichga botib kirishi, qovurg‘alarning yo‘g‘onlashuvi, kamqonlik, suyaklar yumshashi, tishlar o‘z vaqtida va bir tekis chiqmasligi aniqlanadi. Xastalikning og‘ir davrida esa bola ancha vaqtgacha bosh va gavdasini tuta olmaydi.

Bolalarda bu kasallikni ilk belgilari sezilganda yoki kuchayib ketganda qanday muolalar olish kerak?

Agar ota-onalar farzandida raxit kasalligi belgilarini sezsa, darhol shifokorga murojaat qilishi zarur . Chunki ushbu xastalikni davolash alohida muolajalarni talab etadi. Kasallikning dastlabki bosqichida “D” vitamini va kalsiy preparatlarini qabul qilishning o‘zi yetarli. Ammo kasallik zo‘raygan davrda uning oldini olish uchun zarur hollarda shifokor tavsiyasi bilan uqalash muolajasi, kvars lampasi bilan nurlantirish amaliyotlari o‘tkaziladi. Ushbu davo choralari va maxsus dori-darmonlar faqat mutaxassis tavsiyasi bilangina belgilanadi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62209 | Инструменты