"Eco Expo Central Asia 2025" xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi doirasida “Tech for the Desert: Orolbo‘yi kelajagini innovatsiyalar orqali yaratish” nomli parallel seminar tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi Xalqaro innovatsiya markazi (OXIM) tomonidan o‘tkazildi.
Sessiya Markaziy Osiyoning eng zaif hududlaridan biri — Orolbo‘yi mintaqasining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga qaratilgan ilg‘or texnologik yechimlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi. Ko‘p yillik ekologik inqiroz oqibatlari aynan shu mintaqada, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Quruq iqlim, suv tanqisligi va yerlarning degradatsiyasi sharoitida ishtirokchilar barqaror qishloq xo‘jaligi, suvni tejash, biotexnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi innovatsion ishlanmalarni taqdim etdilar. Tadbirda innovatsiyalar iqlim o‘zgarishiga moslashish va qurg‘oqchil hududlarda barqaror rivojlanishni ta’minlash vositasi sifatida alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, muvaffaqiyatli yechimlarni kengaytirish va ilmiy yondashuvlarni boshqa o‘xshash ekologik muammolarga duch kelayotgan Markaziy Osiyo hududlariga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi. OXIM direktori Baxitjan Habibullayev markazning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini taqdim etib, bugungi kunda ilm-fan va innovatsiyalar mintaqaning ekologik transformatsiyasida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Biotexnologiya va o‘simliklar fiziologiyasi laboratoriyasi rahbari Abdirashit Mirzambetov esa ekstremal sharoitlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini moslashtirish bo‘yicha muvaffaqiyatli ishlanmalarni namoyish etdi.
Muhokamalarda cho‘l sharoitida biotexnologiyalar va barqaror qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlar, agrosektor uchun quyosh energiyasi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash, yoshlar ishtiroki va xalqaro hamkorlik orqali innovatsiyalarni ilgari surish kabi mavzularga e'tibor qaratildi.
Yakunda Orolbo‘yi mintaqasini samarali tiklash uchun ilmiy muassasalar, davlat idoralari, xususiy sektor va mahalliy jamiyatlar o‘rtasida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi. Tadbir mintaqada yangi ekologik kun tartibini shakllantirishga muhim hissa qo‘shdi va texnologiyalar iqlim o‘zgarishlari oqibatlariga qarshi kurashishda chinakam samarali vosita bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82803 | Инструменты