Botulizm: Qo‘lbola tayyorlangan konservalar sog‘lik uchun xavfli

Qish faslida ko‘pchilik uy sharoitida tayyorlangan konservalangan mahsulotlarni isteʼmol qilishni maʼqul ko‘radi. Biroq bunday oziq-ovqatlardan zaharlanish ehtimoli yuqori.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Shukurov bu boradagi xulosa va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

— Aksariyat xonadon bekalari yoz va kuz fasllarida meva-sabzavotlardan konservalar tayyorlab, qishga g‘amlab qo‘yadi, — deydi mutaxassis. — Biroq uy sharoitida yetarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligi natijasida botulizm qo‘zg‘atuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, yaʼni kislorodsiz muhitda rivojlanib, o‘ta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi.

Botulizm qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik bo‘ladi.

O‘zida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini isteʼmol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hatto o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmaganda o‘limga olib keluvchi eng og‘ir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.

Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga taʼsir etadi va organizmda turli o‘zgarishlarga olib keladi.

Bu holatda:

- nafas olish qiyinlashishi, og‘iz-tomoqning qurishi qorin sohasida og‘riq, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi va gapirish qobiliyati pasayishi; 

- ko‘ngil aynishi va qusish (ko‘pincha takrorlanadi);

- umumiy holsizlik va zaiflik kabi belgilar namoyon bo‘ladi.

Bemorning so‘zlari tushunarsiz bo‘lib qoladi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.

Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa va zarur davo muolajalari o‘tkazilmasa, uning nafaqat sog‘lig‘i, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.

Shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:

- uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;

- bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, nomaʼlum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;

- banka qopqog‘i ko‘tarilgan (bombaj), shuningdek rangida o‘zgarish bo‘lgan konservalarni isteʼmol qilmaslik;

- oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga eʼtibor berish, savdo do‘konlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlariga eʼtibor berish;

- taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72706 | Инструменты