Huawei 1
Bu yil 5 million aholining bandligini ta’minlash, 2 million kishini tadbirkorlikka jalb etish maqsad qilingan

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni mahallalarda aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatda ishsizlikni kamaytirish maqsadida ko‘plab iqtisodiy dasturlar amalga oshirilmoqda. Kichik biznes va tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanib, hududlarda korxonalar ochilmoqda. Professional ta’lim muassasalari va “Ishga marhamat” monomarkazlarida aholiga zamonaviy kasb-hunarlar hamda xorijiy tillar o‘rgatilmoqda.

Bu yil 5 million aholining bandligini ta’minlash, 2 million kishini tadbirkorlikka jalb etish maqsad qilingan. Buning uchun davlat tomonidan barcha tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratilgan.

Xususan, bu maqsadlarga 16 trillion so‘m ajratildi. Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Mahallabay ishlash agentligi, Fermerlar kengashi jamg‘armalari tomonidan 1,4 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Endi asosiy vazifa – bu imkoniyatlarni joylarda samarali ishlatib, aholiga daromad manbai yaratib berishdir.

Prezident topshirig‘iga muvofiq, Jizzax viloyatining Gʻallaorol va Sharof Rashidov tumanlari misolida bu borada tez natija beradigan yangi mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Kelgusida bu tizim barcha hududlarda joriy etiladi.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov mazkur tumanlardagi yangi imkoniyatlar va ularni ishga solish bo‘yicha takliflarni bayon etdi.

Unga ko‘ra, har bir mahallaga iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlari biriktiriladi. Ular o‘zi mas’ul bo‘lgan mahalladagi kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlab, odamlarning daromadini oshirishga ko‘maklashadi. Arzon kreditlar, subsidiya va imtiyozli resurslar, eng avvalo, aholini kambag‘allikdan chiqarishga yo‘naltiriladi. Yashirin biznes qonuniylashtirilib, rasmiy ish o‘rni ko‘paytiriladi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ham, mahallaga mas’ullar bilan birga, aholi xonadonlarida serdaromad ekin ekishni tashkil qiladi.

Yangi uskunalar va bozor talablarini mahallalarga yetkazish orqali aholiga daromadni oshirishni o‘rgatish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda vazirlar va hokimlarning ham fikrlari eshitildi. Viloyat hokimlariga rivojlanishdan orqada qolayotgan tumanlarda shu kabi ishlarni tashkil etib, namuna qilish, har bir mahalla kesimida ishsizlikni kamaytirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122520 | Инструменты