Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. Unga ko‘ra, bugun 3-fevral kuni holatiga poytaxtda 35 ta AGTKSH faoliyati qayta tiklandi. Bu haqda Hududgaz Poytaxt" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, gaz "zapravkalar" faoliyatidagi vaqt cheklovlari gaz quvurlarida bosimning ko‘tarilib borishiga mos ravishda o‘zgartirib boriladi.
Avval xabar berganimizdek, sovuq kunlarda tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan edi. Keyinchalik, Energetika vazirligi 2-fevraldan barcha hudulardagi gaz "zapravka"lar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi haqida ma'lum qilgan edi.
Shuningdek, gaz quyish shoxobchalariga kunlik 5 million kub metr gaz yetkazib berilishi haqida xabar qilingandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Namangan shahri Barkamol avlod mahallasida tadbirkorlar bilan muloqoti chog'ida ta'kidlab o'tgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20708 | Инструменты