6 fevral kuni Toshkent aeroportiga Rossiyada murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan ikki nafar voyaga yetmagan fuqaro olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular ota-onasining deportatsiya qilinishi oqibatida Moskvada qarovsiz qolgan 3 yoshli qizaloq va 15 yoshli o‘g‘il bola bo‘lgan. Bolalarga Moskvadagi “Altufevo” voyaga yetmaganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish markazi xodimlari hamrohlik qilgan.
Bildirilishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalar va ularning oilalariga hayotga moslashish va barqarorlikni tiklash uchun barcha zarur ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgan edi. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yordamga muhtoj barcha bolalar dastlab Moskva shahridagi voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan. Shundan so‘ng ular O‘zbekistonga qaytarilgan. Bolalar O‘zbekistonga qaytgach, yaqin qarindoshlari homiyligiga (vasiyligiga) yoki maxsus bolalar muassasalariga topshirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20701 | Инструменты