Yevro-5 standartiga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli benzin ishlab chiqarish koʻpaytiriladi.
Shavkat Mirziyoyev Qorovulbozor tumanidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurib, korxonani modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.
Zavod mamlakatda yonilgʻi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri bo'lib, unda 3 ming 200 nafardan ziyod mutaxassis mehnat qilmoqda. Joriy yilning toʻqqiz oyida 1,36 million tonna, qiymati 12,1 trillion soʻm boʻlgan neft mahsulotlari ishlab chiqarildi. Mahsulot hamda xizmatlar eksporti 99,5 million dollarni tashkil etdi. Yil yakunigacha bu koʻrsatkichni 116 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlat rahbariga taqdim etilgan modernizatsiya loyihasi xomashyoni qayta ishlash hajmini oshirish bilan birga yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Loyihaning umumiy qiymati 328 million dollarni tashkil etadi.
Uning doirasida naftani gidrotozalash va izomerizatsiya qilish qurilmalari oʻrnatiladi. Gidrotozalash jarayonida xomashyo tarkibidagi oltingugurt va boshqa aralashmalar kamaytiriladi. Izomerizatsiya esa yengil fraksiyalardan olinadigan benzinning oktan sonini oshirish imkonini beradi. Mazkur jarayonlar Yevro-5 talablariga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli benzin ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun muhimdir.
Loyihada xomashyoni fraksiyalarga ajratish va ogʻir qoldiqlarni chuqur qayta ishlashni takomillashtirish ham nazarda tutilgan. Natijada zavodning yillik qayta ishlash quvvatiga yana 2,5 million tonna qoʻshilib, umumiy quvvat 5 million tonnaga yetadi. Qayta ishlash hajmi va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning ortishi ichki bozor taʼminotini mustahkamlash, eksportni koʻpaytirish imkonini yaratadi.
Prezident modernizatsiya ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan bajarish, yangi qurilmalarni mavjud ishlab chiqarish jarayonlariga uygʻun holda joriy etish hamda korxonaning barqaror faoliyatini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berdi hamda loyihada ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan muloqot qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110321 | Инструменты